Jahon | 20:55
441
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bola huquqlari xalqaro reytingida 96-o‘rinni egalladi

Mamlakatda tibbiyotdan tashqari sohalardagi bola huquqlari bilan bog‘liq vaziyat xavotirli ekani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Niderlandiyaning KidsRighs jamg‘armasi tomonidan har yili e’lon qilinadigan Global bolalar huquqlari indeksida (KidsRighs Index) 96-o‘rinni egalladi. Bu tashkilotning Rotterdamdagi Erasmus universiteti bilan hamkorlikda tayyorlagan 2026 yilgi hisobotidan ma’lum bo‘lmoqda.

Indeks BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga a’zo 194 mamlakatni beshta asosiy toifa bo‘yicha baholaydi: hayot, tibbiyot, ta’lim, himoya va qulay muhit. 2026 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 0,679 ball to‘pladi. Mamlakatning 5 ta toifa bo‘yicha ko‘rsatkichlari quyidagicha: hayot 95-o‘rin, tibbiyot 15-o‘rin, ta’lim 101-o‘rin, himoya 115-o‘rin va qulay muhit 124-o‘rin. O‘zbekiston reytingda o‘tgan yilga nisbatan 2 pog‘ona pastlagan.

2026 yilda reyting yetakchilari Lyuksemburg (umumiy 1 balldan 0,871 ball), Islandiya (0,867), Monako va Germaniya (ikkalasi ham 0,866 ball) bo‘ldi. Yuqori o‘ntalikka Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya, shuningdek, bir xil ball to‘plagan Avstriya va Tailand ham kirdi.

Markaziy Osiyo davlatlariga kelsak, reytingda Qozog‘iston 24-o‘rinni egalladi. Turkmaniston 75-o‘rinda, Qirg‘iziston 82-o‘rinda, Tojikiston 92-o‘rinda.

Taqqoslash uchun yana bir nechta mamlakatlarni keltiramiz: Xitoy 81-o‘rinni, Rossiya 151-o‘rinni, Isroil 110-o‘rinni, Ukraina 36-o‘rinni, Buyuk Britaniya 132-o‘rinni egalladi. AQSh reytingda yo‘q, chunki BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini yaqinda imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan.

KidsRighs Index 2013 yildan buyon chop etiladi va har yili taqqoslanadigan statistik ma’lumotlar asosida bola huquqlariga rioya etilishini baholaydigan yagona global reyting hisoblanadi. Tadqiqotdan hukumatlar, inson huquqlari tashkilotlari va moliya institutlari bolalar ahvolini yaxshilash bo‘yicha qarorlar qabul qilish va tavsiyalar ishlab chiqish uchun qo‘llanma sifatida foydalanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid