Texnologiya | 20:25
359
2 daqiqa o‘qiladi

Apple MacBook va iPad’dan keyin iPhone narxlarini ham oshirishi mumkin

Apple kompaniyasi MacBook, iPad va boshqa qurilmalar narxi bilan birga iPhone narxini oshirmadi, ammo bu vaqt masalasi bo‘lsa kerak. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman Power On xabarida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yil oxirigacha smartfonlar narxini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Foto: Eric Thayer/Bloomberg

«Apple bu safar iPhone narxlarini oshirmadi, garchi men hali ham bu yil oxirida sodir bo‘lishini kutyapman», dedi Mark Gurman.

Gurman buni sun’iy intellekt bumining oqibatlari bilan bog‘laydi. Eng yirik AT-kompaniyalar server uskunalari, Nvidia grafik tezlatgichlari, ma’lumotlar markazlari uchun zamonaviy xotira modullari va to‘plagichlarni faol ravishda sotib olmoqda, bu esa tarkibiy qismlar tanqisligiga va deyarli barcha elektronika narxlarining oshishiga olib kelmoqda. Jurnalistning fikricha, aynan shu narsa yaqinda Apple’ni MacBook, iPad, HomePod va Apple TV narxlarini keskin oshirishga majbur qildi.

Gurmanning fikricha, smartfonlar Apple’ning narxlar o‘sishiga eng chidamli mahsuloti bo‘lib qolmoqda. Foydalanuvchilar kompyuter yoki planshetni yangilashdan ko‘ra yangi telefon sotib olishdan voz kechishga kamroq tayyor, aloqa operatorlari va bo‘lib to‘lash dasturlari esa narxning o‘sishini yanada yumshatadi.

Jurnalistning ta’kidlashicha, operatorlar iPhone sotuvini subsidiyalashni to‘xtatishi dargumon, biroq tariflar yoki boshqa xizmatlar narxini oshirish orqali qo‘shimcha xarajatlarni qoplashi mumkin.

Gurmanning fikricha, Apple texnikasining hozirgi narxi oshishi vaqtinchalik hodisa emas, balki uzoq muddatli tendensiyaning boshlanishidir. Sun’iy intellekt infratuzilmasining rivojlanishi tufayli xotira va boshqa tarkibiy qismlarning yetishmasligi tufayli elektronika narxlarining oshishi kelgusi yillarda ham saqlanib qolishi mumkin.

«Iste’molchilar buni narxlarning qisqa muddatli ko‘tarilishi emas, balki yangi me’yorning boshlanishi sifatida qabul qilishi kerak», deb xulosa qildi u.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid