Ko‘chmas mulk | 22:44 / 01.07.2026
787
2 daqiqa o‘qiladi

BAA mulkiy tengsizlik darajasi bo‘yicha jahon reytingida birinchi o‘rinni egalladi

Birlashgan Arab Amirliklari mulkiy tengsizlik darajasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.

Foto: iStock

Bu haqda Shveytsariyaning UBS banki tomonidan tayyorlangan yillik Global Wealth Report 2026 hisobotida (.pdf) aytiladi.

Tadqiqotda boylikning konsentratsiya darajasini aks ettiruvchi Jini koeffitsiyentidan foydalaniladi: ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, aktivlarning shunchalik katta qismi aholining kichik guruhi qo‘lida to‘plangan bo‘ladi.

Hisobotga ko‘ra, 2025 yilda mulkiy tengsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar reytingi quyidagicha:

  1. BAA - Jini koeffitsiyenti 0,82;

  2. Rossiya - 0,82;

  3. JAR - 0,81;

  4. Braziliya - 0,81;

  5. Saudiya Arabistoni - 0,78;

  6. AQSh - 0,77;

  7. Shvetsiya - 0,74;

  8. Hindiston - 0,74;

  9. Turkiya - 0,73;

  10. Meksika — 0,72.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, Birlashgan Arab Amirliklarining yuqori o‘rni ko‘p sonli o‘ta boy rezidentlar va nisbatan kichik jamg‘armalarga ega mehnat migrantlarining salmoqli ulushi bilan izohlanadi. Bu esa boylikning cheklangan doiradagi kishilar qo‘lida yuqori darajada to‘planishiga olib keladi.

Hisobotda bank 56 ta bozorni tahlil qiladi, biroq mulkiy tengsizlik reytingida O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q.

Shu bilan birga, ekspertlarning ta’kidlashicha, gap aholi daromadlari tengsizligi haqida emas, balki aynan boylik (aktivlar, ko‘chmas mulk, investitsiyalar va jamg‘armalar) tengsizligi haqida bormoqda. Bu ko‘rsatkichlar turli uslub bo‘yicha hisoblanadi va bir-birining o‘rnini bosa olmaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid