Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahon chempionatidan qaytgan O‘zbekiston milliy jamoasi tantanali kutib olindi
1 iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportida jahon chempionatidan qaytgan O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchilarini tantanali kutib olish tadbiri o‘tkazildi.
Marosimda bosh vazir Abdulla Aripov, DXX raisi va O‘FA prezidenti Bahodir Qurbonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va boshqa rasmiylar, futbolchilarning yaqinlari, yoshlar, futbol faxriylari va muxlislari, san’atkorlar ishtirok etdi.



Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy jamoaning natijalari haqidagi so‘zlari va futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash chaqirig‘i videosi namoyish etildi.
Davlat rahbari futbolchilar muhim tajriba orttirgani, aybdorlarni qidirish va ortiqcha his-tuyg‘ular bilan e’tiroz bildirish esa «xalqimizga xos ish emasligini», katta g‘alabalar hali oldinda ekanini aytgandi. Yig‘ilganlar davlat rahbari so‘zlarini qo‘llab-quvvatlab, debyut chempionatdagi ishtirok muhim bo‘lganini ta’kidladi.

Bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, milliy jamoa nomdor raqiblarga qarshi «jasorat bilan kurashganini» aytdi va futbolchilarni «divan ekspertlari»ni kechirishga chaqirdi. «Ular sizlarning mashhurligingiz evaziga layklar to‘plamoqchi», dedi Aripov milliy jamoani ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilganlarni nazarda tutib.


«Sizlar FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rinda turgan Kolumbiya va ko‘plab futbolchilari Yevropa va jahonning yetakchi klublarida to‘p suradigan Kongo milliy jamoalariga qarshi mardonavor kurashdingiz. Har bir hujum, har bir himoya, har bir zarba va har bir kurash lahzasi xalqimizga hayajon, umid va faxr bag‘ishladi», dedi u.
Tadbirda milliy jamoa futbolchilari ham so‘zga chiqib, jahon chempionati katta tajriba maydoni bo‘lganini, kelgusida bundan yaxshiroq natijalar qayd etish uchun bor kuchini sarflashini ta’kidladilar.

Marosimda bosh murabbiy Fabio Kannavaro ishtirok etmadi. U milliy jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki yakunlangach, dam olish uchun vatani Italiyaga qaytib ketishini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga 0:5, Kongo DR ga 1:3 hisobida yutqazdi va guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonning ikkala goli Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov hisobiga yozildi. Milliy jamoa umumiy hisobda 48 ta terma jamoa ichida 46-o‘rinni egalladi.










Mavzuga oid
23:09 / 30.06.2026
Eldor Shomurodovning goli JCh–2026 guruh bosqichidagi eng chiroyli deb topildi
16:25 / 30.06.2026
JCh-2026 anonsi. Mbappe va Holand pley-offda start oladi
14:02 / 30.06.2026
Prezident futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
10:02 / 30.06.2026