Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mundial uchun O‘FAga berilgan imtiyozli chiptalar karrasiga qimmat narxda pullanganmi?
O‘zbekiston milliy jamoasi mundialdagi ishtirokini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Uchala o‘yindagi mag‘lubiyat atrofidagi qizg‘in muhokamalar to‘xtayotgan bir paytda, tarmoqlarda yangi mojaro bo‘y ko‘rsatdi. Amerikada yashayotgan vatandoshlar iddaosicha, FIFA tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ajratilgan imtiyozli chiptalar muxlislarga asl narxidan bir necha barobar qimmatga pullangan.
Tanqidga qolayotgan blogerlar Abdurahmon Fozilov va Otabek Jo‘rayev fan-klubga ajratilgan chiptalarning sotilishiga aloqasi yo‘qligini aytib chiqishdi. O‘FA esa holatga hozircha munosabat bildirmadi.
Instagram'ning Ikromjon Abdullayev ismli foydalanuvchisiga ko‘ra, O‘FAga imtiyozli ravishda taqdim etilgan chiptani unga 450 dollardan, ikkitasini 900 dollarga sotishgan.
Shuningdek, Ikromjon Abdullayev iwash brendi bilan tanilgan Otabek Jo‘rayevning o‘ziga tegishli chiptani sotib, “fan-klub bilan qo‘shilib kiraman” degan gaplaridan ham jig‘ibiyron bo‘lgan.
Instagram'dagi evilwox yuzerneymi egasi Shoxruh Azizovning aytishicha, 200, 300, 400 dollarlik chiptalar 900 dollardan 1500 dollargacha narxlarda sotilgan. Narxlar qimmatligi sabab yuzlab muxlislar stadionga kira olmay, tashqarida qolib ketgan.
AQShda yashovchi yana bir hamyurtimiz Nizomiddin Ahmadjonov ham holat yuzasidan keskin fikr bildirib, arzon chiptalar berilganda ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘yinlarga borishi mumkin bo‘lganiga urg‘u berdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar fonida Abdurahmon Fozilov ham videomurojaat bilan chiqdi va na liboslar, na chipta bilan bog‘liq vaziyatga aralashmaganini bildirdi.
“Futbolka, bilet, mehmonxona, umuman Amerikadagi tashkiliy ishlarning birortasiga men aralashganim yo‘q. Barchasiga javobgar mutasaddi vakillar bor. Men bilaman, “Asr market” original futbolkalarni sotdi va iltimos qilishganiga reklama qilib berdim. Biletga kelsak, fan-klubning 700 ta chiptasini Abdurahmon Fozilov 1000-1500 dollardan sotibdi, emish. Azizlar, 700 ta bilet 1000 dollardan bo‘lsa, 700 ming dollar bo‘ladi. Birorta ham fan-klubning biletiga men aralashganim yo‘q. Chiptalarni vakolatli shaxslar fan-klubga berdi, qolganini kimga tarqatdi, mening ishim emas”, dedi Fozilov.
Otabek Jo‘rayev esa unga homiylari tomonidan bir nechta chipta sovg‘a qilingani, o‘z ehtiyojlaridan oshiqchasini sotganini aytdi. Ammo u “fan-klub tarkibiga kirib olaman”, degan gapiga izoh bermagan.
“Amerikada yashaydigan vatandoshlarimiz bilet mojarasiga duch kelib, qiyin ahvolga tushib qolishibdi. Ya’ni biletni vaqtida olishmagan, vaqtliroq harakat qilishmagan, ko‘chaga chiqib olaman desa, narxlar oshib ketgan. Saytda ham chipta qolmagan, kassaga borib ololmaydi, chunki masofalar juda uzoq. Lichkamga rosa yozishadi, aka, bilet topib bering, deb. Homiylar tomonidan 2-3 ta kompaniya menga ikkitadan bilet sovg‘a qilgan. Menda bilet bor, kerakmas dedim. Bittasi Xitoydan keldi, bittasini Amerikadagi akamiz sovg‘a qildi. Endi biletni tekinga bervorish yoki sovg‘a qilish mening qo‘limda. U narsa noto‘g‘ri hisoblanmaydi. Harom ham bo‘lib qolmaydi. Yonimda o‘g‘lim bor edi, unga berdim. Yaqinlarim so‘radi, ularga berdim. Qolganini sotdim. Qanaqa sotdim, bozor qanaqa narx talab qilsa, shunaqa narxda sotdim. Buni har qanday biznesmen tushunadi”, deydi Otabek Jo‘rayev.
Imtiyozli chiptalar
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida milliy futbol federatsiyalari va ularning rasmiy fan-klublariga tekin chiptalar bermagan, lekin avvalgi mundiallarda bo‘lgani kabi, aynan sodiq muxlislar uchun mo‘ljallangan maxsus arzonlashtirilgan chiptalar kvotasi mavjud. Bu toifadagi chiptalar narxi barcha o‘yinlar uchun qat’iy – 60 dollar etib belgilangan.
Qoidalarga ko‘ra, har bir ishtirokchi federatsiyaga o‘z o‘yinlari uchun stadion sig‘imining 8 foiz qismi kafolatlangan holda ajratiladi. Ushbu 8 foiz kvotaning 10 foiz qismi aynan 60 dollarlik arzon chiptalardan iborat bo‘ladi. Bunday chiptalar ochiq savdolarda sotilmaydi, ularni kimga va qanday taqsimlashni federatsiyalarning o‘zi hal qiladi.
O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, Kolumbiya qarshi “Atsteka” stadionidagi o‘yin uchun O‘FAga 6640 ta chipta taqdim etilgan, shundan 664 tasi imtiyozli 60 dollarlik chiptalar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Hyustondagi Portugaliyaga qarshi o‘yinda mos ravishda 5465 taga 546 tani, Atlantadagi Kongo DRga qarshi uchrashuvda esa 5459 taga 546 tani tashkil etgan.
Reglament bo‘yicha, guruh bosqichidagi uchta o‘yin uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga bevosita fan klub a’zolariga tarqatish uchun jami 1750 dan ortiq kafolatlangan arzonlashtirilgan chiptalar taqdim etilgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, O‘FA ixtiyorida 17,5 mingta standart toifadagi chiptalar ham bo‘lgan va ular FIFA tomonidan belgilangan narxlarda o‘zbekistonlik muxlislarga sotilishi nazarda tutilgan.
Mavzuga oid
12:36
JCh kundaligi: Keyn Angliyani qutqardi, Belgiyada dahshatli kambek
23:50 / 01.07.2026
Bosh vazir futbolchilardan milliy jamoani tanqid qilgan «divan ekspertlarini» kechirishni so‘radi
21:25 / 01.07.2026
Jahon chempionatidan qaytgan O‘zbekiston milliy jamoasi tantanali kutib olindi
23:09 / 30.06.2026