O‘zbekiston | 19:49
1811
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi

Issiqxona faoliyatini to‘xtatib, «Surxon-Agro» hududida faoliyatini davom ettiradigan tadbirkorlik sub’yektlari uchun qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Maxsus komissiya tomonidan Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida joylashgan issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

«Kuz-qish mavsumida ko‘plab issiqxonalar sun’iy isitish uchun ko‘mir, mazut, avtomobil shinalari va boshqa zararli yoqilg‘i turlaridan foydalangan. Bu esa atmosfera havosiga belgilangan me’yorlardan ortiq miqdorda zararli moddalar chiqarilishiga sabab bo‘lib, nafaqat atrof-muhitga, balki aholi salomatligiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bois fuqarolardan bu borada ko‘plab asosli murojaatlar kelib tushgan.

Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida zararli yoqilg‘idan foydalangan issiqxonalarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, ifloslanish manbalari bartaraf etildi. Natijada atmosfera havosi sifatini ma’lum darajada yaxshilashga erishildi», – deyiladi qo‘mita xabarida.

Mazkur omillarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, issiqxonalarni iqlim sharoiti qulayroq hududlarga ko‘chirish, tadbirkorlarni isitish tizimlaridan foydalanish bilan bog‘liq ortiqcha xarajat va qiyinchiliklardan xalos etish, shuningdek, kuz-qish mavsumida aholini meva-sabzavot mahsulotlari bilan samarali ta’minlashga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston prezidentining 2026 yil 25 martdagi 108-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 apreldagi 162-sonli qarorlariga asosan issiqxonalarni sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 162-son qaroriga ko‘ra, issiqxona faoliyatini to‘xtatib, «Surxon-Agro» hududida faoliyatini davom ettiradigan tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi:

— xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda tijorat banklari mablag‘lari hisobidan milliy va xorijiy valutada issiqxona xo‘jaliklariga ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi, jumladan, 3 yilgacha imtiyozli davr belgilanadi. Bunda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan ilgari berilgan kafolatlar va foiz stavkalarini qoplash bo‘yicha kompensatsiyalar saqlab qolinadi;

— 2028 yil 1 aprelga qadar «Surxon-Agro» hududiga ko‘chiriladigan issiqxonalar uchun ularni demontaj qilish, tashish hamda qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar yer maydonining har bir sotixi uchun 500 ming so‘mgacha miqdorda bir martalik tartibda qoplab beriladi.

Hozirgi vaqtda Toshkent viloyati tadbirkorlariga Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga issiqxonalarni ko‘chirish shartlari, ular uchun nazarda tutilgan imtiyozlar hamda boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng issiqxonalar sun’iy isitish tizimlaridan uziladi va tegishli shartnomalar bekor qilinadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid