Xalqaro Buker mukofoti rossiyalik milliarder Igor Buxman sharafiga Buxman nomidagi xalqaro Buker mukofoti deb nomlanadi, deyiladi mukofot saytida.
Tadbirkorning familiyasi uning Bukhman Philanthropies xayriya tashkiloti keyingi o‘n yil davomida mukofotni moliyalashtirishga va’da berganidan keyin nomga qo‘shildi. G‘olib uchun mukofot jamg‘armasi ikki baravarga - 50 ming funtdan 100 ming funtgacha oshirildi.
Xalqaro Buker mukofoti ingliz tilida yozilmagan, ammo ingliz tiliga tarjima qilingan va Buyuk Britaniya yoki Irlandiyada nashr etilgan badiiy asar uchun beriladi. Mukofot 2004 yilda joriy etilgan.
Igor Buxmanning boyligi — 13,6 milliard dollar. U (ukasi Dmitriy bilan birga) o‘yin giganti Playrix kompaniyasi hammuassisi. Aka-uka biznesni Vologdada boshlagan, ammo 2010-yillarning o‘rtalaridan beri Playrix shtab-kvartirasi Irlandiyada joylashgan. Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin kompaniya Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi.











