Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Daryoga qulagan temiryo‘l va Toshkentdagi kanalizatsiya quvurida yirik avariya - mahalliy dayjest
Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirildi. Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi. Navoiyda 34,8 mlrd so‘m keshbek o‘zlashtirib yuborilgani fosh etildi. Toshkentdagi kanalizatsiya quvurida yirik avariya yuz berdi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirildi
Samarqand viloyati Toyloq tumani hududidan o‘tgan yangi temiryo‘l tarmog‘ida favqulodda holat ro‘y berdi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videoda daryo suvi temiryo‘l o‘tkazilgan dambani yuvib ketgani, oqibatda relslar tayanchsiz qolganini ko‘rish mumkin.
Hodisa Do‘stlik mahallasi hududida, temiryo‘lning Zarafshon daryosi yoqalab o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. U 2025 yil noyabrida foydalanishga topshirilgan «Samarqand – Urgut» yangi temiryo‘l tarmog‘ining bir qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida Samarqand va Urgut o‘rtasida 55,4 kilometrlik yangi temiryo‘l qurilgan, ikkita vokzal, ikkita to‘xtash punkti, ikkita ko‘prik hamda yuzdan ortiq sun’iy inshootlar barpo etilgan edi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» loyiha taqdimotida aynan Zarafshon daryosi qirg‘og‘idan o‘tgan temiryo‘l izlarini suv oqimidan himoyalovchi damba qurilgani haqida ma’lum qilgandi.
Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi
Maxsus komissiya tomonidan Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida joylashgan issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi.
Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlariga ko‘ra, Toshkent viloyati tadbirkorlari Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga issiqxonalarni ko‘chirishi mumkin. Ularga ko‘chirish shartlari, imtiyozlar hamda boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng issiqxonalar sun’iy isitish tizimlaridan uziladi va tegishli shartnomalar bekor qilinadi.
2028 yil 1 aprelga qadar «Surxon-Agro» hududiga ko‘chiriladigan issiqxonalar uchun ularni demontaj qilish, tashish hamda qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar yer maydonining har bir sotixi uchun 500 ming so‘mgacha miqdorda bir martalik tartibda qoplab beriladi.
Navoiyda 34,8 mlrd so‘m keshbek o‘zlashtirib yuborilgani fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi departament Navoiy shahrida 34,8 mlrd so‘m mablag‘ keshbek sifatida hisoblanib, o‘zlashtirib yuborilganini aniqladi.
Tergovga qadar tekshiruvda 13 ta korxona mas’ullari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 4,5 trln so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirib, go‘yoki savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotgani haqida xarid cheklarini chiqargan. 105 524 nafar fuqaroga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek sifatida 34,8 mlrd so‘m hisoblanib o‘zlashtirib yuborilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Toshkentdagi kanalizatsiya quvurida yirik avariya yuz berdi
Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Dilbuloq mahallasida ko‘p qavatli uy qurish paytida kanalizatsiya quvuri yorildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, holat quruvchilarning ehtiyotsizligi sababli yuz bergani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ekskavator oqova suvlar ostida qolib ketgani, bir kishi suvdan chiqishga urinayotgani ko‘rinadi. Hozircha avariya bo‘yicha batafsil ma’lumot berilmadi.
Mavzuga oid
18:58 / 02.07.2026
Toshkentda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan bog‘cha va O‘zbekiston - yoshlar mamlakati - mahalliy dayjest
19:55 / 01.07.2026
O‘zbekistonning goli dunyo e’tirofida va yuk mashinasi rulidagi 7 yoshli bola - mahalliy dayjest
19:29 / 30.06.2026
39 millionlik aholi va prezidentning milliy jamoani qo‘llab-quvvatlash chaqirig‘i - mahalliy dayjest
18:30 / 29.06.2026