Jahon | 22:57 / 03.07.2026
223
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Trampga 321 ta olmos ko‘zli uzuk sovg‘a qilindi - OAV

AP nashrining ikki mustaqil zargar fikriga tayanib xabar berishicha, uzukning narxi 25 ming dollardan 35 ming dollargacha bo‘lishi mumkin.

Foto: REUTERS

Belgiyaning butun olmos sektorini rasman ifodalovchi va muvofiqlashtiruvchi Antverpen Butunjahon Olmos Markazi (AWDC) Donald Trampga AQSh mustaqilligining 250 yilligi sharafiga oltin uzuk topshirdi. AP nashrining ikki mustaqil zargar fikriga tayanib xabar berishicha, uzukning narxi 25 ming dollardan 35 ming dollargacha bo‘lishi mumkin.

«Freedom 250» deb nomlangan uzuk antverpenlik zargar David Gotlib tomonidan 18 karatli oltindan yasalgan. Buyum 321 ta olmos, 56 ta sapfir, 13 ta zumrad va 6 ta yoqut bilan bezatilgan. Qimmatbaho toshlardan yasalgan uzukda qalqon va zaytun novdasini ushlab turgan burgut, «250» raqami va «AQSh 250 yilligi» iborasi tasvirlangan. Uzukning ichki qismida «Antverpenda Donald Jon Tramp uchun ishlab chiqarilgan» degan yozuv o‘yib yozilgan.

Ta’kidlanishicha, Antverpen olmos markazi uzukni Belgiyadagi AQSh elchisi Bill Uaytga prezident Trampga topshirish uchun bergan. Donald Tramp hali bu sovg‘ani olmagan.

AP nashriga ko‘ra, AWDC Donald Trampdan minnatdor bo‘lishi kerak. 2025 yilda AQSh ma’muriyati olmos importiga yuqori bojlar joriy etdi, bu esa Belgiya ishlab chiqaruvchilariga katta zarba berdi. Ammo AWDC ba’zi «sa’y-harakatlar» evaziga bojlarning olib tashlanishiga erishdi. Ushbu kompaniya Qo‘shma Shtatlarga yiliga 2 milliard dollarlik olmos yetkazib beradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid