Iqtisodiyot | 22:18
475
2 daqiqa o‘qiladi

Iyunda sabzavotlar narxi tushdi, energiya va benzin qimmatlashdi - Statqo‘m

Milliy statistika qo‘mitasi joriy yil iyun oyidagi tovar va xizmatlar narxlariga oid tahlilni e’lon qildi.

Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat

Tahlilga ko‘ra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida guruch va guruch oqshog‘i — 2,3 %ga, grechka — 1,2 %ga, pasterizatsiya qilingan sut — 1,2 %ga, shakar, qo‘y go‘shti, suyaksiz mol go‘shti — 1%ga, tuxum — 0,8%ga, tirik va muzlatilgan baliq narxlari o‘rtacha 0,7 %ga oshgani qayd etildi.

Bir oy davomida asosiy meva–sabzavot mahsulotlaridan baqlajon — 46,6 %ga, pomidor — 38,3 %ga, bulg‘or qalampiri — 31,4 %ga, tarvuz — 26,3 %ga, bodring — 25 %ga, uzum — 18,7 %ga, sarimsoqpiyoz — 13,5 %ga, kartoshka — 12,8 %ga, karam — 5,6 %ga, banan — 5,9 %ga va ko‘katlar narxlari — 4,4 %ga arzonlashdi. Sabzi — 6,5 %ga va piyoz — 3,6 %ga qimmatlashdi.

Oy davomida respublika bo‘yicha o‘rtacha hisobda elektr energiyasi 9,6 %ga, tarmoq gazi 10,7 %ga qimmatlashdi.

Iyun oyida benzinning AI-92 markasi — 3,6 %ga, AI-95 markasi — 6 %ga, AI-98 va AI-100 markalari esa — 3,9 %ga qimmatlashdi. Propan narxi oy davomida 11,3 %ga, metan narxi 8,8 %ga oshdi.

Yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari orasida oy davomida taksi xizmatida narx va tariflar 1,3 %ga o‘sishi qayd etildi. Temir yo‘l transportida yo‘l haqi oy davomida 0,3 %ga, aviaqatnovlarda esa 0,6 %ga arzonlashdi. Qayd etilishicha, bunga milliy valutaning yevro va Shveytsariya frankiga nisbatan kursi, shuningdek, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha yoqilg‘i yig‘imlari miqdorining o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatdi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid