Jahon | 21:27 / 05.07.2026
1411
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya prezidenti bosh vazirning talabi bilan iste’foga chiqmasligini aytdi

"Tisa" partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng Peter Mojar prezident sobiq bosh vazir Viktor Orbanning odami ekanligini ta’kidlab, uning iste’fosini talab qilib kelmoqda.

Foto: REUTERS

Vengriya prezidenti Tamash Shuyok mamlakatning yangi bosh vaziri Peter Mojar talabi bilan iste’foga chiqmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, konstitutsiyaga uni lavozimidan chetlatishni ko‘zda tutuvchi tuzatish kiritilishi huquq ustuvorligi tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydi. 

"Menda iste’foga chiqish uchun sabab yo‘q va bosh vazir meni lavozimimdan chetlatish uchun hech qanday huquqiy asos keltirmadi", - dedi Shuyok Do Rzeczy haftanomasiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tomonidan parlamentga kiritilgan konstitutsiyaga tuzatish kiritish to‘g‘risidagi loyihada prezidentlik lavozimi haqida emas, "respublikaning amaldagi prezidenti" haqida gap bormoqda.

"Muayyan bir shaxs uchun moslashtirilgan bu qonunchilikni huquq ustuvorligi tamoyiliga muvofiq keladigan qaror deb bo‘lmaydi", - deb ta’kidladi Shuyok.

Mojar 4 iyul kuni hukumat konstitutsiyaga respublikaning amaldagi prezidentini lavozimidan chetlashtirish ko‘zda tutilgan tuzatish kiritish to‘g‘risidagi loyihani parlamentga kiritganini ma’lum qilgandi.

"Tisa" partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng Mojar Shuyok sobiq bosh vazir Viktor Orbanning odami ekanligini ta’kidlab, uning iste’fosini talab qilib kelmoqda. Vengriya prezidenti Venetsiya komissiyasiga ushbu holat bo‘yicha xulosa berishini so‘rab murojaat qilgan. 

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid