Sport | 20:56
2289
4 daqiqa o‘qiladi

Ingliz futbolchisi noodatiy tarzda jarohat oldi

Jordan Henderson Meksikaga qarshi o‘yinda maydonga tushmadi, ammo o‘yindan keyin shifokorlar uni zambilida olib ketishdi.

Futbol bo‘yicha jahon chempionatida Angliya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jordan Henderson bilan bir vaqtning o‘zida ham kulgili va ham ayanchli holati ro‘y berdi. Turnir 1/8 final bosqichida Meksikaga qarshi kechgan o‘yindan (3:2) keyin inglizlar jamoasi futbolchilari g‘alabani nishonlash uchun muxlislar o‘tirgan tribunalar qarshisiga borishdi, ortga qaytishda esa 36 yoshli futbolchi reklama to‘sig‘idan sakrab o‘tishga urinib, yiqilib tushdi va keyin o‘rnidan tura olmadi.

0 daqiqa, 1 sariq va jarohat

Janubiy Amerika jamoasiga qarshi o‘yinni Jordan uzoq vaqt yodda saqlab qolishi tayin. Ushbu tajribali futbolchi 90 daqiqa davomida zaxira o‘rindig‘ida qolgan bo‘lsa-da, uning familiyasi baribir protokolda aks etdi: o‘yin oxirlarida Henderson bosh hakam bilan bahslashgani uchun sariq kartochka oldi.

O‘yin yakunlanganidan keyin esa u yana bir omadsizlikka uchradi. Butun jamoa chorakfinal yo‘llanmasini birga nishonlash uchun muxlislar qarshisiga borishdi. Ortga qaytishda esa Jordan reklama to‘sig‘i ustidan oshib o‘tmoqchi bo‘lib, muvozanatni yo‘qotdi va o‘z qo‘lining ustiga yiqildi. Uning yonida turgan Den Bern darhol tibbiyot xodimlarini yordamga chaqirdi.

Jamoa a’zolari faxriy futbolchiga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganida atrofni o‘rab turishdi: shifokorlar uni zambilga joylashtirishdi va yuziga kislorod niqobi taqishdi.

Jamoadagilar nima demoqda?

Bu voqeadan keyin jamoaga Meksika ustidan qozonilgan g‘alaba ham unchalik tatimadi. Futbolchilarning hech biri Henderson tushib qolgan holat ustidan kulgani yo‘q, aksincha, barcha qayg‘uga tushdi.

«Men xafaman, chunki Jordan bilagidan jarohatlandi. Bu ancha jiddiy. U shifoxonada. Ro‘y bergan voqea oqshomning umumiy manzarasiga mos kelmaydi. Uyog‘iga nima bo‘lishini bilmayman», – dedi Tomas Tuxel o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.

Jamoa yarimhimoyachisi Jud Bellinghem «tafsilotlarga berilmaslik»ni taklif qilgan.

«Unda biroz muammolar bor, lekin tibbiy guruh hammasini nazorat qilmoqda. Tafsilotlarga berilmaganim ma’qul, nima bo‘lganini o‘zim ham to‘liq bilmayman. Hammamiz uning yonida edik va qo‘llab-quvvatladik», – deya uning so‘zlarini keltiradi The Mirror.

Aftidan, turnir Hendersona uchun yakunlandi. Ammo ushbu faxriy futbolchi bazaga qaytib, jamoadagi ichki muhit uchun javob berishda davom etishi mumkin: bu safargi chempionatda u faqat Panamaga qarshi o‘yin (2:0) oxirida bir necha daqiqa harakat qildi. Shu bilan birga, Jordan Angliyaning to‘rtta jahon chempionatida qatnashgan ilk futbolchisiga aylandi. U jahon birinchiliklarida jami 12 o‘yinda maydonga tushib, bir gol muallifi bo‘lgan.

Ammo uning kolleksiyasida hozircha JCh medallari yo‘q: eng yaxshi natijasi 2018 yilgi to‘rtinchi o‘rin bo‘lgan. Lekin u jamoa bilan 2020 yilgi Yevropa chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritgan: o‘shanda inglizlar hal qiluvchi bahsda Italiyaga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ygandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid