Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qizil chiziqdan o‘tildi». UYeFA Infantinoni ag‘darmoqchi
Balogun kechirib yuborilgani barcha qit’alardagi futbol mulozimlarida FIFA rahbariga nisbatan norozilik uyg‘otgan.
UYeFA FIFAning JCh-2026 1/8 finalida Belgiya bilan o‘yin oldidan AQSh milliy jamoasi forvardi Folarin Balogunga nisbatan diskvalifikatsiyani kechiktirish to‘g‘risdagi qaroriga munosabat bildirdi. Ittifoq bu borada rasmiy bayonot berdi, insayderlar esa tashkilotning Janni Infantinoni xalqaro futbol federatsiyasi rahbarligidan ketkazish rejalari haqida xabar bermoqda.
Muqobilsiz saylovdan keyingi muqobil nomzod
UYeFAdagilar, katta ehtimol bilan, Janni Infantinoning FIFAdagi boshqaruvidan charchagan. The Guardian jurnalisti Roman Molinaning aytishicha, tashkilot Xalqaro futbol federatsiyasi prezidentligi uchun navbatdagi saylovlarga o‘z nomzodini tayyorlamoqda.
Infantinoga raqobatchi tayyorlanayotgani haqidagi xabarini jurnalist AQSh milliy jamoasi futbolchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi kechiktirilishi to‘g‘risidagi qaror futbol jamoatchiligida katta norozilik uyg‘otishi fonida e’lon qildi. Ushbu futbolchi 1/16 finalda Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan bo‘lsa-da, keyingi bosqichda Belgiya bilan o‘tadigan o‘yinda maydonga tushishi mumkin.
Jurnalist Ben Jyeykobs xabariga ko‘ra, Oq uydagilar ushbu futbolchiga qo‘llangan jazoni qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, to‘g‘ridan to‘g‘ri FIFA prezidentiga murojaat qilgan. Molinadagi ma’lumotlarga ko‘ra, bunday mojaroli qarordan keyin nafaqat Yevropadagi futbol federatsiyalari, balki boshqa qit’alar vakillari ham tashkilotga Infantino o‘rniga boshqa nomzod topilishini xohlashmoqda.
«Donald Trampga yoqish uchun qabul qilingan qarordan keyin (mohiyatan, gap aynan shu haqda ketmoqda) jahon futbolining boshqa rahbarlari – nafaqat Yevropadagilar – muqobil nomzod topish imkoniyatini muhokama qila boshlashdi, chunki ular «ortiq bunday davom etishi mumkin emas» deb hisoblaydi. Ammo gapirish – boshqa, harakatga kirishish – butunlay boshqa ish. Buning uchun jasorat kerak bo‘ladi, lekin futbol rahbarlarining ko‘pchiligida bunday jasorat yo‘q», – deya xabar qilgan jurnalist.
Infantino 2016 yilgi saylovlarning ikkinchi turida Osiyo futbol konfederatsiyasining o‘sha vaqtdagi prezidenti Salmon ibn Ibrohim Al-Xalifa ustidan g‘alabaga erishib (88 ga qarshi 115 ovoz bilan), FIFA rahbarligiga kelgandi. 2019 va 2023 yillardagi saylovlarda esa Infantinoga hech kim raqobat ko‘rsatmadi va u lavozimga qayta saylandi. Katta ehtimol bilan, endi jahon futbolidagilar undan charchagan.
«Yaxlitlik xavf ostida»
Dushanba kuni UYeFA o‘z press-relizida Balogun atrofidagi vaziyatdan noroziligini ochiqchasiga bildirdi.
«Kecha futbolchi Folarin Balogunga ko‘rsatilgan qizil kartochkadan keyingi avtomatik bir o‘yinlik diskvalifikatsiya qo‘llanishini bir yilga to‘xtatish to‘g‘risida qabul qilingan orqali qizil chiziq kesib o‘tildi», – deya boshlanadi tashkilot bayonoti.
Bundan tashqari, Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi chetlatishdan keyingi majburiy diskvalifikatsiya haqidagi qoida turlicha talqin qilinmasligi kerakligini qayd etgan.
«Qoidalarning aniqligi ularning saqlovchilari tomonidan kafolatlanmay qo‘ysa, o‘yinning yaxlitligi xavf ostida qoladi, musobaqaga bo‘lgan ishonch esa susayadi... Bunday bemisl, aqlga sig‘maydigan va o‘zini oqlamaydigan qarorga ishonchsizlik bildiramiz», – deyiladi bayonotda.
FIFA sobiq prezident Yozef Blatter o‘z vorisini tanqid qilgan.
«Agar AQSh prezidenti tashkilot rahbari ishlariga aralashsa va futbolchining diskvalifikatsiyasi jahon chempionati pley-off o‘yini oldidan birdan bekor qilinadigan bo‘lsa, shunday savol tug‘ilishi muqarrar: «Sen qayerga ketyapsan, FIFA?» – deya yozgan funksioner ijtimoiy tarmoqlarda.
«Liverpul» sobiq bosh murabbiyi, shu kunlarda Germaniya milliy jamoasi boshqaruviga tayinlanishi kutilayotgan Yurgen Klopp ham bu borada keskin fikr bildirdi.
«Keling shunday deymiz: futbol – bu ularning emas, bizning o‘yin. Futbolda hech narsani tushunmaydigan bu ikki odam umuman bunday masalalarni hal qilmasligi kerak. Bu aniq qizil kartochka edi. Bu borada ikki xil fikr bo‘lishi mumkin emas. Balogunga achinamiz, chunki u bu harakatni ataylab qilmagan. Ammo qoida – bu qoida», – deya germaniyalik mutaxassis so‘zlarini keltiradi Bayern&Germany portali.
FIFA rahbarini Angliya milliy jamoasi sobiq forvardi Ueyn Runi ham tanqid qilgan. «Infantino bunday qaror uchun uyalishi kerak. Bu yerda sport prinsipi shubha ostida qoladi. Agar men AQSh jamoasi raqibi bo‘lganimda, juda g‘azablangan bo‘lardim. Bu har jihatdan noto‘g‘ri», – degan u BBC efirida.
FIFA prezidentligi uchun keyingi saylovlar 2027 yilda bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
12:25
FIFAda mojaro: tashkilot amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini kechiktirdi
10:05 / 04.07.2026
Germaniya terma jamoasiga Klopp kelishi mumkin
17:52 / 03.07.2026
FIFA Rivaldo oldidagi qarzdorlik tufayli «Bunyodkor»ga transfer taqiqi qo‘ydi
16:34 / 12.06.2026