Jamiyat | 20:41
5567
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi

Chaqaloqlarning uch nafari qiz, ikki nafari o‘g‘il.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun, 6 iyul kuni Andijon shahrida joylashgan 2-sonli tug‘uruq majmuasida 5 nafar egizak dunyoga keldi.

SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, Andijon shahridagi Qayrag‘ochtosh mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nargiza Bekjonova shu kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan mazkur muassasaga qabul qilindi.

Unda muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi bilan kesarcha kesish amaliyoti bajarildi.

Tug‘uruq jarayoni malakali akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar tomonidan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

– birinchi chaqaloq: qiz, vazni 1450 gr,
– ikkinchi chaqaloq: o‘g‘il, vazni 1605 gr,
– uchinchi chaqaloq: qiz, vazni 1495 gr,
– to‘rtinchi chaqaloq: o‘g‘il, vazni 1585 gr,
– beshinchi chaqaloq: qiz, vazni 1205 gr.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ona va chaqaloqlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialiga o‘tkazildi.

«Ayni paytda 5 nafar egizak va ularning onasi malakali tibbiyot xodimlari nazoratida o‘zlarini yaxshi his etmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Iyun oyida ham Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialida 4 nafar egizak dunyoga kelgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid