Jahon | 21:57
1115
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari ilk bor Omsk neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi

Bu Rossiyadagi eng yirik 11 ta benzin ishlab chiqaruvchi zavodlardan biri bo‘lib, ilgari Ukraina dronlarining unga zarbalari qayd etilmagan.

Foto: Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi

Ukraina Qurolli Kuchlari Ukraina davlat chegarasidan qariyb 2500 km uzoqlikda joylashgan Rossiyaning Omsk neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) zarba berdi. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu Rossiyadagi eng yirik 11 ta benzin ishlab chiqaruvchi zavodlardan biri bo‘lib, ilgari Ukraina dronlarining unga zarbalari qayd etilmagan.

Omsk NQIZ Rossiyadagi eng yirik quvvatli neftni qayta ishlash korxonasi bo‘lib, uning quvvati yiliga 21 mln tonnadan oshadi. Zavod keng turdagi yoqilg‘i, moy va neft-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqaradi va neftni qayta ishlash chuqurligi bo‘yicha mamlakatda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega - taxminan 99%.

Korxonada AI-92, AI-95 va G-Drive 100 markali yuqori oktanli avtomobil benzinlari, Yevro-5 toifasidagi dizel yoqilg‘isi, shuningdek, TS-1 va RT markali aviatsiya kerosini ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, zavod benzol, paraksilol va ortoksilol, maxsus mahsulotlar va moylar, texnik uglerod uchun xomashyo, motor va sanoat moylari ishlab chiqaradi. Zavod yoqilg‘isi Rossiya armiyasini ta’minlash uchun ishlatiladi.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, zarbadan so‘ng korxona hududida yong‘in qayd etilgan, zarar darajasi aniqlanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha quvvati yiliga 8,4 million tonna bo‘lgan ELOU-AVT-11 neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasi zararlangan.

Avvalroq Rossiyaning 89 ta hududidan kamida 88 tasida yoqilg‘i savdosiga cheklovlar va benzin va dizel ta’minotida uzilishlar qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. Rossiya hukumati buni «logistika muammolari» bilan izohladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid