O‘zbekiston | 19:06
965
5 daqiqa o‘qiladi

Alifbo islohoti va Andijonda dunyoga kelgan 5 nafar egizak - mahalliy dayjest

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Alifbo islohoti bo‘yicha yangi qonunni ma’qulladi va Senatga yubordi. Andijonlik ayol 5 nafar egizak — uch qiz va ikki o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. O‘zbekistonda milliy navigatsiya tizimi yaratilishi mumkin. Toshkentda ov qurollari va yuzlab o‘q-dorilar ixtiyoriy topshirildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda milliy navigatsiya tizimi yaratilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish va telekommunikatsiya sohalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Unda davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish taklif qilindi. Platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish taklifi ilgari surildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda asosan AQSh (GPS) va Rossiya (GLONASS) platformalaridan foydalanilayotgani qayd etildi. Milliy navigatsiya tizimi geoma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirish, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlarini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.

Alifbo islohoti bo‘yicha qonun Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Loyihada lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga, 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilmoqda.

O‘zgarishlar kuchga kirishi uchun qonun Senat tomonidan ma’qullanib, prezident tomonidan imzolanishi kerak bo‘ladi. Rasmiy xabarda aytilishicha, qonun loyihasi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinadi.

Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi

6 iyul kuni Andijon shahrida joylashgan 2-son tug‘uruq majmuasida 5 nafar egizak (uch nafar qiz, ikki nafar o‘g‘il) dunyoga keldi.

«Qayrag‘ochtosh» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nargiza Bekjonova shu kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan mazkur muassasaga qabul qilindi. Unda muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi bilan kesarcha kesish amaliyoti bajarildi.

SSV xabariga ko‘ra, tug‘uruq jarayoni malakali akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar tomonidan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ona va chaqaloqlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialiga o‘tkazildi.

Toshkentda ov qurollari va yuzlab o‘q-dorilar ixtiyoriy topshirildi

Toshkent shahrida DXX tomonidan o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari davomida Yakkasaroy tumanida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro marhum otasi yashagan xonadondan topilgan 1 dona miltiq, 19 dona o‘qotar ov quroli, 13 dona stvol va kolodka, 117 dona o‘q-dori hamda boshqa ehtiyot qismlarni o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirdi.

DXX va Ichki ishlar vazirligining poytaxt boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tadbirda esa Mirobod tumanida yashovchi 1960 yilda tug‘ilgan ayol marhum turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan 2 dona o‘qotar ov quroli va 181 dona o‘q-dorini ixtiyoriy ravishda topshirdi.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarga murojaat qilib, amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etilishini eslatdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid