Jahon | 21:06
946
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda uchish chog‘ida samolyotning shassisi sindi

Parvoz to‘xtatildi, to‘xtashdan so‘ng samolyot chap tomonga quladi, yo‘lovchilar favqulodda trap yordamida evakuatsiya qilindi. Bishkekning Manas aeroporti parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi.

Foto: Sputnik Kyrgyzstan

Qirg‘izistonda TezJet aviakompaniyasining Bishkek-O‘sh reysini amalga oshirayotgan yo‘lovchi samolyoti shassisi nosozligi tufayli parvozni to‘xtatdi. Hodisa 7 iyul kuni Bishkekning Manas aeroportida yuz berdi.

«Aeroporty Kyrgyzstana» OAJ ma’lumotlariga ko‘ra, havoga ko‘tarilish paytida samolyotning orqa shassilaridan biri singan. Havo kemasi tezlashayotganda to‘xtatildi, shundan so‘ng chap tomonga quladi va aviakerosin sizib chiqdi.

Qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q, yo‘lovchilar avariyaviy trap orqali evakuatsiya qilingan. Samolyot bortida 181 yo‘lovchi, shuningdek, ikki uchuvchi va to‘rt bortkuzatuvchi bo‘lgan.

«Ekipaj zudlik bilan yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi. Favqulodda narvonlar yordamida evakuatsiya amalga oshirildi. Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari havo kemasini eson-omon tark etdi», deyiladi TezJet xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari orasida jiddiy jarohatlanganlar yo‘q, bir necha kishi yengil jarohat olgan.

Fuqaro aviatsiyasi davlat agentligi hodisa yuzasidan surishtiruv o‘tkazishini ma’lum qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid