Iqtisodiyot | 19:08
1359
2 daqiqa o‘qiladi

XVJ O‘zbekistondagi valuta kursining “suzuvchi” rejimini tan oldi

Valuta kursi shakllanishida Markaziy bank aralashuvining minimallashishi – iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligini oshiradi.

Foto: Shutterstock

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonning de-fakto valuta kursini “sekin o‘zgaruvchi” (crawl-like) rejimdan “suzuvchi” (floating) rejimga qayta tasnifladi.

Bu haqda XVJ missiyasining O‘zbekistonga 2026 yilgi tashrifi yakunlari bo‘yicha hisobotida ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, 2025 yil aprelidan boshlab valuta kursi moslashuvchanligi oshganidan kelib chiqib, O‘zbekistonning de-fakto valuta kursi 2025 yil 8 maydan e’tiboran “suzuvchi” rejimda deya e’tirof etilgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligini oshirish, xalqaro zaxiralarni asrash, valuta risklarini sug‘urtalash (hedjirlash)ni rag‘batlantirish hamda inflyatsion targetlash rejimi samaradorligini ta’minlash maqsadida valuta kursining “suzuvchi” rejimini saqlab qolish tavsiya etiladi.

Shu maqsadda XVJning Pul-kredit va kapital bozorlari departamenti tomonidan valuta bozori faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha berilgan texnik ko‘mak tavsiyalarini amalga oshirish, jumladan, ixtiyoriy intervensiyalar ulushini kamaytirish uchun xavflarga asoslangan, aniq belgilab qo‘yilgan valuta intervensiyasi strategiyasini joriy etish tavsiya etilgan.

Ta’kidlanishicha, valuta bozori likvidligini chuqurlashtirish likvidlikni yanada samarali boshqarish imkonini beradi hamda sterilizatsiya xarajatlarini kamaytiradi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid