Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bu Putinga aniq ishora» - NATO yangi raketa tizimi uchun 50 mlrd dollar ajratadi
NATOga a’zo o‘n ikki mamlakat, jumladan, Buyuk Britaniya, kelgusi 10 yil ichida Yevropa mudofaasini mustahkamlashga mo‘ljallangan yangi uzoq masofali raketa tizimini yaratish uchun 37 mlrd funt sterlingdan (taxminan 50 mlrd dollar) ko‘proq mablag‘ sarflash niyatida.
8 iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri devoni Deep Precision Strike («Yuqori aniqlikdagi uzoq masofali zarba») loyihasining ishga tushirilganini e’lon qildi, deb xabar berdi BBC. Ushbu tashabbus Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tayotgan NATO sammitida muhokama qilinadigan mavzulardan biriga aylanishi kutilmoqda. Bosh vazir Kir Starmer Buyuk Britaniya hukumati rahbari sifatidagi so‘nggi NATO sammitida ishtirok etmoqda.
Starmer yangi raketa dasturini birgalikda ishlab chiqishni muhokama qilish uchun o‘nga yaqin davlat rahbarlari bilan alohida uchrashuv o‘tkazadi.
«Chuqur zarba»
NATOning eng zamonaviy qurollaridan biri deb atalayotgan Deep Strike (so‘zma-so‘z tarjimasi «Chuqur zarba») turidagi yangi raketa tizimi qariyb 300 km masofadagi nishonlarga yuqori aniqlikda zarba berish uchun mo‘ljallangan, kelajakda esa uning masofasi 2 ming km gacha oshirilishi mumkin.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer London boshchiligidagi tashabbus «yevropalik ittifoqchilarni birlashtirishga yordam berishi va NATO xavfsizligini ko‘p yillar davomida ta’minlashini» ta’kidladi.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper loyiha ustidagi ishni «dunyo ancha xavfliroq bo‘lib qolganini anglashning bir qismi» deb atadi.
«Gap kuchliroq NATO doirasida Yevropani qanday qilib yanada kuchliroq qilish haqida ketmoqda», — dedi u Anqaradan turib BBC Breakfast dasturiga bergan intervyusida.
Biroq, boshqa ko‘plab istiqbolli harbiy dasturlar singari, Deep Strike tizimining 2030-yillardan oldin foydalanishga tayyor bo‘lishi dargumon.
Starmer Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari xavfsizligini ta’minlashga «qat’iy bel bog‘laganini» qayd etdi. «Biz yanada kuchliroq va ko‘proq yevropalashgan NATO yaratish uchun oldinga qadam tashlashimiz kerak», — dedi u.
Britaniya hukumati 2030 yilgacha 300 mlrd funt sterling ajratishni ko‘zda tutuvchi Mudofaa sarmoyalari rejasini allaqachon tasdiqlagan.
«Putin, NATO kuchaydi»
Anqaradagi sammitda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Londonning fikricha, Rossiya Buyuk Britaniya va butun NATO uchun tug‘dirayotgan tahdidni alohida ta’kidlash niyatida. Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, NATO samolyotlari alyans mamlakatlari havo hududiga yaqinlashayotgan Rossiya havo kemalarini tutib qolish uchun 700 martadan ortiq havoga ko‘tarilgan, Britaniya suvlari yaqinida Rossiya harbiy kemalarining faolligi esa 30 foizga oshgan.
Starmerning aytishicha, garchi NATO Rossiya bilan ziddiyatga intilmayotgan bo‘lsa-da, alyans har bir ittifoqchisini himoya qilishga tayyor turishi kerak.
«Yuqori aniqlikdagi uzoq masofali zarba berish tizimlari tufayli Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari armiyalar faolligini ta’minlovchi muhim harbiy obektlar va logistika infratuzilmasiga zarba bera oladi. Bu har qanday tajovuzkorni tiyib turish imkonini beradi va umumiy xavfsizligimizni mustahkamlaydi», — dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper.
«Anqarada biz Rossiya prezidenti Vladimir Putinga aniq ishora bermoqdamiz: NATO kuchaydi, yanada yevropalashdi va o‘z fuqarolarini undan hamda Rossiyadan kelayotgan uzoq muddatli tahdiddan himoya qilishga tayyor», — deb qo‘shimcha qildi u.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri devonida quyidagilar qayd etildi: «Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofaga mo‘ljallangan tizimlardan samarali foydalanish jang maydonidagi vaziyatni tubdan o‘zgartirishi, dushmanga front chizig‘idan ancha uzoqda zarar yetkazish imkonini berishini isbotladi».
Shuningdek, u yerda asosiy logistika markazlariga berilgan zarbalar «Rossiyaning o‘z hujum operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash qobiliyatini sezilarli darajada pasaytirgani» ta’kidlandi.
Mavzuga oid
21:27 / 08.07.2026
Tramp Ukrainaning Rossiya ichkarisiga bergan zarbalarini qo‘llab-quvvatladi
18:49 / 08.07.2026
Tramp NATOda: Ispaniya bilan savdoni uzish va Grenlandiyani egallash da’vosi
18:43 / 08.07.2026
Rossiyada chet el fuqarolarining yashashi qoidalarini kuchaytiradigan qonun qabul qilindi
10:35 / 08.07.2026