Texnologiya | 20:38 / 08.07.2026
673
9 daqiqa o‘qiladi

“Sun’iy intellekt qadriyatli insonni yenga olmaydi” – ekspert bilan suhbat

Olimlar sun’iy intellekt rivoji uch bosqichdan iborat bo‘lishini aytadi. Hozirgi birinchi bosqich – har biri alohida yo‘nalishlarga ixtisoslashgan chatbotlar davri. Janubiy Koreyadagi Gachon universiteti sun’iy intellekt professori Jumabek Alixonov Kun.uz bilan suhbatda SIning mehnat bozoriga ta’siri va texnologiyaning keyingi avlodlari qanday bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.

“Sun’iy intelleksiz ishlaringiz sekinroq bitadi”

Sun’iy intellektni o‘rganish juda muhim, sababi – birinchi o‘rinda siz bozorda aktual qolishingiz kerak. Bu nima degani? Masalan, sun’iy intellektni bilgan advokat bir soatda ma’lum bir ishlarni bajaradi, bilmagan advokat o‘zi har bitta hujjatlarni tahlil qilib, aytaylik, 10 kun vaqt sarflar.

Ikkinchidan, sun’iy intellekt bu – ot. Otingiz bo‘lmasa, ishlaringiz sekinroq bitadi: manzilga sekin borasiz, qimmatroqqa borasiz, o‘zingiz qiynalasiz, yoki umuman qila olmaysiz.

Uchinchidan, odamlar qilishni istamagan mayda-mayda zerikarli narsalarni asta-asta sun’iy intellektga o‘tkazishimiz kerak.

Sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish

Sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish uchun sun’iy intellektning o‘zi nimaligini yaxshi tushunib olishimiz kerak. Masalan, ChatGPT kabi chatbotlarni ishlatayotganda prompt yozish. Ko‘pchilik savolini oddiygina so‘rab qo‘ya qoladi. Lekin sun’iy intellekt savolingizga kim sifatida javob berishi kerak, javob berayotganda o‘zini kimdek tutishi kerak, ekspertmi, ustozmi yoki do‘stmi, kontekst nima – bularning barchasi promptga kiritilsa, javob ancha sifatliroq chiqadi.

Bu narsa role-play deyiladi, ya’ni ChatGPT o‘zini kim deb hisoblab javob berishi kerakligini unga aytishingiz kerak. Chunki ChatGPT – nihoyatda katta hajmdagi ma’lumotlarni yodlab olgan model, ya’ni unda ma’lumotlar juda ko‘p. Biz promptni qanchalik aniqlashtirib bersak, shunga yarasha sifatli javob chiqib keladi.

SI ortidagi xavf

Sun’iy intellekt olib kelayotgan xavflardan bittasi – kasblarni ostin-ustun qilib tashlashi. SI takrorlanuvchi ishlarning hammasining o‘rnini egallaydi. Hatto jarrohlik amaliyoti qilishni ham sun’iy intellekt oladi, chunki bu – takrorlanuvchi ish. Odamlar jarrohlik operatsiyasini qiyin narsa deb o‘ylaydi, to‘g‘ri, lekin bu – takrorlanuvchi jarayon. Operatsiyalar bir-biriga o‘xshaydi. Sun’iy intellekt ma’lumotlarni o‘rganib ishlagani uchun, takrorlanuvchi ishlarda ma’lumotni yig‘ish imkoni bor bo‘lgani uchun, ana o‘sha kasblarni o‘rganib oladi.

Endi, qaysi kasblarni birinchi oladi deganda, ikki xil kasblarni aytish mumkin: oson kasblar va qimmat kasblar. Ya’ni pastdan oson kasblar ketyapti, tepadan qimmat kasblar ketyapti. Nega? Oson kasblar tushunarli, ular uchun shablonlarni o‘zlashtirish yetarli. Qiyin kasblarni egallashi esa – bozor talabi. Agar men sun’iy intellekt kompaniyasi muhandisi yoki boshlig‘i bo‘lsam, yangi mahsulotimni yuqori narxda sotish uchun qarayman: doktorlar ko‘p pul topyapti va bularning ishi takrorlanuvchi. Shu ishni birinchi olamiz deb turib, shunaqa mahsulotlar yarataman.

Lekin bitta joyi bor, mexanik kasblar xavfsiz. Duradgorlarning ishini hali-beri sun’iy intellekt olishi qiyin. Yoki dalada ishlayotgan odamlarning ishini olish qiyin. Raqamli shakldagi, takrorlanuvchi xarakterga ega, integratsiya qilish oson bo‘lgan kasblar esa tez ketadi.

Sun’iy intellekt davrida qaysi kasblar yo‘qoladi degandan ko‘ra, qaysi odamlar xavfda deyish to‘g‘riroq. Qisqasi, ishining ustasi bo‘lmagan odamlar xavfda.

Turli sohalarda SI

Zo‘r dars o‘tadigan yuqori saviyali o‘qituvchilar ko‘p emas. Sun’iy intellekt esa ana shunday sifatli o‘qituvchilar auditoriyasini ko‘paytirib bera oladi. Bu – yuqori texnologik videodarslar orqali bo‘ladi. O‘qituvchi qiyofasidagi sun’iy intellekt mening qiyofam va bilimlarimni o‘zlashtirib, mening o‘rnimga boshqa minglab odamlarga dars o‘tadi.

Yoki moliyaviy ishlarni olsak. Men kompaniya buxgalteri sifatida kompaniya uchun 100 xil xizmatdan foydalansam, har oy ularning hammasiga to‘lov qilib chiqishim kerak. Agar “ot minishni” o‘rganib olsam, bu ishni mening o‘rnimga sun’iy yordamchi bajara oladi. U kelgan invoyslarni olib, o‘zi tahlil qilib turib, mening roziligim bilan hisobimdan pulni olib, ularga to‘lab qo‘yishi mumkin. Shunda men har oy 100 xil to‘lovni amalga oshiraman deb, ikki soat vaqtimni sarflab o‘tirmayman.

Tibbiyot sohasi. Masalan, Janubiy Koreyada bir amaliyot bor: bemordagi simptomlar yozilsa, shunga mos kasalliklar ro‘yxati, ya’ni ehtimoliy tashxislar chiqib keladi. Lekin bu – sun’iy intellekt emas, oddiy algoritm. Agar endi bu tizimga sun’iy aqlni joriy etsak, texnologiyaning imkoniyatlari ancha kengayadi, shifokorning vaqtini tejaydi.

Masalan, bemor shifokorning oldiga keladi, shifokor u bilan savol-javob qiladi. Bu suhbatni sun’iy intellekt eshitib turadi va darrov o‘zi tashxis qo‘yib, kerakli choralarni tavsiya qiladi. Shifokor esa SI xulosasini ko‘rib chiqib, xato joyi bo‘lsa tuzatadi: “Falon gapni noto‘g‘ri eshitibsan”, “Jumabekning genetikasida mana bunaqa muammo bor, sen buni hisobga olmading” deydi va hokazo.

Shifokorning asosiy ishi – bemor bilan gaplashib, to‘g‘ri tashxis qo‘yish. Qolgan ishlarni SI bajaraveradi: dori yozib, retseptni printerdan chiqarish kabi mayda ishlarni avtomatlashtirib tashlash mumkin. Lekin ertaga biror xato o‘tadigan bo‘lsa, javobgar sun’iy intellekt emas, shifokor bo‘ladi. Ya’ni har qanday qarorning ortida baribir mas’ul inson turishi kerak.

Xuddi shunday, sud-huquq tizimini olsak. Tergovchi yoki sudyalar biror vaziyatga baho berishi uchun ba’zan minglab hujjatlarni o‘rganib chiqishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ularga davlat tomonidan faqatgina bitta yordamchi berilgan, deylik. Demak, ishni o‘rganishga juda ko‘p vaqt ketadi. Nima qilamiz? Sun’iy intellektni tushungan odam minglab hujjatlarni unga tahlil qildiradi.

Sun’iy intellekt rivojining keyingi bosqichi

Hozir olimlar o‘rtasida eng keng tarqalgan qarashga ko‘ra, sun’iy intellekt rivoji uch bosqichdan iborat bo‘ladi.

Ular aytishadi, hozirgi sun’iy intellekt – Narrow AI, ya’ni tor ixtisoslashgan sun’iy intellekt. Masalan, faqatgina tilni biladigan bitta model bor, faqatgina gaplashadigan, ovozni tushunadigan bitta model bor, video generatsiya qiladigan bitta model bor. Ya’ni alohida-alohida modellar bir necha xil intellekt funksiyalarini bajaradi. Bu – tor doiradagi sun’iy intellekt deyiladi. Bu – birinchi daraja.

Keyingi ikkinchi qadam – AGI hisoblanadi, ya’ni inson kabi hamma funksiyani bajaradigan sun’iy intellekt. NVIDIA shu yil fevral oyida Physical AI degan robotlarni chiqardi. Bu robotlar inson kabi ko‘rinishga ega, “miyasi” bor, eshitish, hid bilish, ta’m bilish, sezish kabi retseptorlarga ega. Bu ikkinchi darajaga endi o‘tishyapti.

Uchinchi daraja bor. Bu Super AI deyiladi. Bu bosqichda sun’iy intellekt har bitta intellektual funksiyada insondan o‘zib ketadi.

Hozir ko‘pchilik ishlatayotgan SI – bu texnologiyaning eng primitiv ko‘rinishi. Buyog‘iga faqat oldinlaydi. Sababi, hamma ma’lumotlar raqamli ko‘rinishda jamlanib, sun’iy intellekt modellari kuchayib boryapti.

Lekin bizni xotirjam qiladigan narsa shuki, SI – baribir sun’iy. Juda qiladigan bo‘lsa, mana shu tanamiz qilayotgan ishni qiladi. Qalbimiz, ruhimiz qiladigan ishlarni qila olmaydi. Shuning uchun o‘z ruhiyatini, shaxsiyatini rivojlantirgan odamni SI yengib keta olmaydi. O‘zligini anglagan, o‘z ruhiyatini tushungan shaxs SIni xuddi chavandozdek ot qilib minadi. Aksi bo‘lsa, qadriyatlarimizni yo‘qotib qo‘ysak, unda SIdan qo‘rqishimiz kerak.

Бахтинур Муҳамедов
Muallif Бахтинур Муҳамедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid