Avto | 10:07
2420
3 daqiqa o‘qiladi

30 yillik mashinalar uchun majburiy to‘lov bo‘lmaydi

O‘zbekistonda 30 yil va undan ortiq muddat foydalanilgan avtomobillar egalari uchun har yili majburiy ekologik kompensatsiya to‘lovini joriy etish rejasidan voz kechilmoqda. Jamoatchilik muhokamalari natijasida bahslarga sabab bo‘lgan mazkur norma qonun loyihasidan chiqarib tashlanishi ma’lum qilindi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

8 iyul kuni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligida foydalanilgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimiga bag‘ishlangan matbuot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik mutasaddilari qonun loyihasi yuzasidan kelib tushgan taklif va e’tirozlarga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, respublikada qariyb 5 million avtotransport vositasi mavjud bo‘lib, ularning 100 mingga yaqini nosoz holatda. Mutaxassislar fikricha, aynan shunday avtomobillar shaharlardagi zararli tashlamalarning 63 foizini chiqarmoqda. Shuningdek, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda metall va plastikdan tashqari 50 kilogrammgacha xavfli chiqindilar ham ajraladi.

Shu munosabat bilan avtomobil parkini bosqichma-bosqich yangilashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Biroq jamoatchilik muhokamalari chog‘ida eng ko‘p tanqid qilingan norma — 30 yil va undan ortiq vaqt avval ishlab chiqarilgan avtomobillar egalari har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi haqidagi talab loyihadan butunlay chiqarib tashlanmoqda.

Agentlikka ko‘ra, yangi yondashuv majburlash emas, balki iqtisodiy rag‘batlantirish tamoyiliga asoslanadi.

Taklif etilayotgan tartibga muvofiq, ochiq va shaffof tenderlar orqali avtomobillarni baholash va utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi mustaqil korxonalar tarmog‘i tashkil etiladi. Eski avtomobillar bozor qiymati bo‘yicha baholanadi, hatto harakatlanmaydigan transport vositalari ham mutaxassislar tomonidan joyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Avtomobil egasiga baholangan qiymat naqd pul ko‘rinishida yoki maxsus vaucher sifatida beriladi. Vaucherdan rasmiy dilerlar orqali yangi avtomobil sotib olishda boshlang‘ich to‘lov o‘rnida foydalanish mumkin bo‘ladi. Qolgan mablag‘ni esa 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatda mutlaqo foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.

Fuqaro vaucherdan foydalanishni istamasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul shaklida olishi mumkin.

Agentlik ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasi hali yakuniy qabul qilinmagan. Hujjat jamoatchilik, soha mutaxassislari va manfaatdor tashkilotlar bilan muhokamalar davomida yanada takomillashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid