Jahon | 21:30
2425
11 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Azov dengizida Rossiyaning 20 dan ortiq kemasiga zarba berdi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukraina armiyasi anneksiya qilingan Qrim hududida Rossiya logistikasiga hujumlarni kuchaytirmoqda. Quruqlik yo‘laklari ortidan yarimorolga dengiz orqali ta’minot yetkazib berish yo‘llari ham zarba ostida qolmoqda.

Social media/Madyar

Ukraina armiyasining Pilotsiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi («Madyar» chaqiruv belgisiga ega) ma’lum qilishicha, o‘tgan to‘rt kun mobaynida Azov dengizi akvatoriyasida kamida 25 ta kemaga hujum qilingan va yoqib yuborilgan, shundan ko‘pchiligi – Rossiyaning yoqilg‘i tashuvchi tankerlaridir.

Bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmadi, ammo dastlabki ma’lumotlar uning ishonchliligini ko‘rsatmoqda, ro‘y bergan hodisa ko‘lami esa hayratlanarli darajada.

Rossiya va sovet qo‘shinlari floti Ikkinchi jahon urushi boshidan buyon qisqa muddat ichida bu qadar katta yo‘qotishga uchramagandi.

Tankerlar, yuk kemalari, paromlar

Seshanba kuni tongida «Madyar» ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida FPV-dronlar orqali kemalarga havodan hujum qilinishi aks etgan videoyozuvni e’lon qildi, katta ehtimol bilan, bu kemalar Qrim yarimoroliga yoqilg‘i olib ketayotgan kemalar bo‘lgan.

Ushbu hujumlar kunning qorong‘i vaqtida amalga oshirilgan. Kadrlarga qaraganda, 7 iyulga o‘tar kechasi o‘nta kema dronlar hujumiga uchragan, har bir kemaga takroriy zarbalar berilgan. Kamida bir nechta tankerda zarbadan keyin yong‘in kelib chiqqan.

«Madyar»ning bayonoti ortidan Ukrainadagi Exilenova+ portali yaqin masofadan olingan va hujum oqibatlari ko‘rsatilgan kadrlarni namoyish etdi – unda kemalar yonib ketganini ko‘rish mumkin.

«Madyar» hujumga uchragan kemalardan sakkiztasi Rossiyaning sig‘imi 7 ming tonna atrofidagi tankerlari ekanini ma’lum qilgan – bular «Venera-3», «Sanar-1», «Sanar-17», «Klimena», «Teti», «Aleksey Savrasov», «Penelopa». Sakkizinchi kemaning nomi aniqlashtirilmagan.

Zarba berilgan yana ikki nishon – yuk kemasi hamda Kerch portida turgan SKS One paromidir. Yuk kemasi nomi keltirilmagan.

marinetraffic.com sayti ma’lumotiga ko‘ra, SKS One yo‘lovchi paromi Kamerun bayrog‘i ostida harakatlangan. Ilgari u Palau respublikasiga tegishli bo‘lgan, ammo 2020 yilda Qrim hududidagi yopiq portlarga kirgani uchun Palau hukumati uni o‘z bayrog‘idan mahrum qilgandi.

Kerch portida turgan SKS One yo‘lovchi paromi

Seshanba kuni kechqurun «Madyar» sakkizinchi tanker nomiga ham aniqlik kiritdi – uning ma’lumotiga ko‘ra, bu MS IVAN CHEREMISINOV (Ivan Cheremisinov). Lekin Rossiyadagi manbalarga ko‘ra, «Ivan Cheremisinov» – tanker emas, balki sayoz joylarda suv tubini chuqurlashtirish va boshqa kemalarga yo‘l ochish uchun qo‘llanadigan zemsnaryad kema hisoblanadi. Bunday kema esa tankerga qaraganda qadrliroqdir.

Pilotsiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni kechki bayonotida Azov dengizida Rossiyaning yana ikkita tankeriga zarba berilganini ma’lum qilgan, shu tariqa, bir kunning o‘zida hujumga uchragan kemalar soni 12 taga yetgan.

Undan avvalroq Robert Brovdi 15781 loyihasidagi ikkita tankerga zarba berilganini aytgandi, undagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu kemalar yashirin flotga tegishli bo‘lib, «Taganrog hududidan Azov dengizi orqali Qrimga 7 ming tonnadan yoqilg‘i yetkazib bergan».

Ukrain droni nishonga yaqinlashish vaqtida olgan kadr

Va bu bilan ish to‘xtamadi

Chorshanba kuni tongda «Madyar» Ukraina qurolli kuchlari Pilotsiz tizimlar kuchlari Rossiyaning yana to‘qqizta tankeriga muvaffaqiyatli hujum qilganini aytib, yangi videoyozuvni tarqatdi. Navbatdagi hujumda ham kartina taxminan oldingisi kabi bo‘lgan – dronlar nishonga yaqinlashib, kema quyrug‘ida joylashgan rul rubkasiga hujum qiladi. Har bir zarba va hujum qilingan har bir tanker alohida qayd etilgan.

Rossiya hukumati ukrain dronlarining tankerlar, yuk kemalari va paromlarga qilinayotgan hujumlar yuzasidan rasmiy izoh bermayapti. Faqat Rostov oblasti gubernatori Yuriy Slyusar chorshanba kuni Taganrog ko‘rfazida dronlar hujumi tufayli ikkita tanker shikastlangani to‘g‘risida xabar bergan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, tankerlar bo‘sh bo‘lgan va Rostov-Donga qarab suzayotgan bo‘lgan. Region rahbarining telegramdagi sahifasida yozilishicha, ikki kishi jarohatlangan, kemalardan birining ekipajini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.

Hozircha Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya kemalariga muvaffaqiyatli hujumlari mustaqil manbalar tomonidan ham tasdiqlanmadi. Ammo hozirgacha Robert Brovdi tomonidan Rossiya obektlariga hujumlar haqida e’lon qilingan videoyozuvlardan birortasi soxta deb topilmagan.

Real vaqt rejimida yong‘inlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xaritalash bilan shug‘ullanuvchi NASA onlayn-platformasiga ko‘ra, Azov dengizining Kerch bo‘g‘oziga yaqin qismida kuchli issiqlik anomaliyasi kuzatilgan: taxminan bir nuqtada ko‘plab yong‘in o‘choqlari qayd etilgan.

Payshanbaga o‘tar kechasi yo‘llangan yangi zarbalar

9 iyulga o‘tar kechasi ukrain dronlari Azov dengizida yana 14 kemaga hujum qilgan – 12 tanker, bitta yuk kemasi va bitta shatakka oluvchi kema, degan Robert Brovdi. Ulardan kamida uchtasiga takroriy zarbalar berilgan.

«Madyar» zarbaga uchragan kemalardan to‘qqiztasini nomma-nom sanagan: bular Rossiyaning «Chelsi-6», «Aura», «Ilya Repin», «Merkuriy», «Sanar-1», «Venera-3» va «Penelopa» tankerlari (oxirgi uchtasiga oldingi ikki tunda ham hujum qilingandi), «Alfeo» buksiri hamda «Galiaskar Kamal» tankeri (Panama bayrog‘i ostida suzuvchi kema sanksiya ostida bo‘lgan).

Hujum qilingan kemalardan yana beshtasining nomlariga aniqlik kiritilmagan.

«Madyar» aniqlik kiritib, birinchi tunda hujum qilingan tankerlardan ikkitasi – «Sanar-17» va «Klimen»ga ham takroriy zarbalar berilganini ma’lum qildi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ham payshanba kuni Azov dengizida Rossiyaning 14 kemasi – 12 ta tanker, buksirchi kema va yuk kemasiga hujum qilingani haqida ma’lumot berdi. Ukrain harbiylari bayonotida aytilishicha, bu kemalardan Rossiya armiyasiga yoqilg‘i mahsulotlari yetkazib berishda, shuningdek, xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda neft va neft mahsulotlari tashishda foydalanilgan.

Shu tariqa, agar takroriy zarbalar va hozircha nomlari aniqlanmagan beshta kemani hisobga olmaganda, Robert Brovdi ma’lumotlariga ko‘ra, Azov dengizida 6 iyuldan 9 iyulgacha bo‘lgan davrda kamida 25 ta kemaga hujum qilingan, ularning aksariyati Rossiyaga tegishli.

Z-blogerlar reaksiyasi

Rossiyalik harbiy blogerlarda «Madyar»ning da’volari va u e’lon qilgan videoyozuvlar haqiqiyligiga shubha uyg‘onmagan.

«Ushbu tankerlar harakatlanishi o‘ziga xos tarzda tashkil etilgan – dengiz o‘rtasidagi himoyasiz kemalarning zich massasi ukrain dron operatorlari uchun tir vazifasini o‘taydi – deya yozgan „Harbiy axborotchi“ telegram-kanali. – Tankerlar anchadan buyon o‘zini ham himoya qila olmayotgan Qora dengiz floti kemalari bilan himoyalanmagan, kemalarning o‘zida ham o‘t ochish guruhlari yo‘q. Ilgari tanklarimiz dronlar ostida kolonna bo‘lib harakatlangan bo‘lsa, endi dronlar ostida tizilgan holda suzyapmiz».

«Albatta, nima uchun atrofda Qora dengiz floti kemalari yo‘q, deb so‘rash mumkin. Faqat hozirgi ko‘rinishda ular bahorda xuddi shu dronlar zarbasiga uchragan chegara xizmati kemalari taqdirini takrorlagan bo‘lardi», – deya unga javob qaytaradi «Rybar» telegram-kanali muallifi Mixail Zvinchuk.

U Qora dengiz floti «endi Novorossiyskda qamalib qolgani»ni eslatdi va shunday savol qo‘ydi: «Nima, uch yil ichida kemalarning hech bo‘lmaganda bir qismini pulemyotlar, zenit-raketa tizimlari hamda past uchadigan va nisbatan sekin harakatlanadigan nishonlarni aniqlash va urib tushirish mumkin bo‘lgan boshqa vositalar bilan jihozlash mumkin emasmidi?»

Ukrainaning Rossiya dengiz logistikasiga hujumlari – neftni qayta ishlash hajmi qisqarishi va yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelgan sharoitda, ayniqsa, anneksiya qilingan Qrim og‘ir vaziyatda qolganida, mantiqli va ta’sirchan zarbadir.

Pilotsiz tizimlar kuchlari va Ukraina qurolli kuchlarining boshqa bo‘linmalari bahordayoq yarimorolga olib keluvchi quruqlik yo‘llarini o‘t ochish nazorati ostiga olgandi va dengiz yo‘llarini ham kesib qo‘yish uchun texnik imkoniyatlarga ega.

Iyun oyi oxirida Vladimir Putin Qrimning yoqilg‘iga bo‘lgan oylik ehtiyojini 70 ming tonnaga baholagan va yarimorolga quruqlik orqali ham, dengiz orqali ham yetkazib berish hajmini ko‘paytirishni va bu ehtiyojni qondirishni va’da qilgandi.

Azov dengizida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan hujumga uchragan Rossiya tankerlari esa bundan ikki baravar ko‘proq hajmdagi yoqilg‘ini tashish imkoniyatiga ega edi.

Agar Robert Brovdining ma’lumotlari rost bo‘lib chiqsa, Rossiya floti ko‘rgan bir martalik yo‘qotishlar ko‘lami juda ulkan bo‘lib ko‘rinadi.

Dengizda bundan ham fojiali voqealar ro‘y bergan, harbiy harakatlar paytida ham, mashg‘ulotlar paytida ham bundan-da kattaroq zarar ko‘rilgan hodisalar uchraydi, ammo to‘rt kun ichida 25 ta yirik tonnajli kema – zamonaviy Rossiya tarixida hali bunaqasi bo‘lmagandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid