Iqtisodiyot | 20:34
612
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi oshishi kutilmoqda

Rossiya «O‘rta Osiyo - Markaz» magistral gaz quvurlari tizimi orqali Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga eksportni oshirishda davom etmoqda.

Foto: Aleksandr Demyanchuk / TASS

2026 yilda Rossiya quvur gazining O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 40 foizdan ko‘proqqa — 7 mlrd kub metrdan 10 mlrd kub metrdan oshiqroqqa yetishi mumkin. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining (XEA) jahon gaz bozoriga bag‘ishlangan choraklik sharhida so‘z boradi.

Rossiya «O‘rta Osiyo — Markaz» magistral gaz quvurlari tizimi orqali Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga eksportni oshirishda davom etmoqda, deb qayd etiladi hisobotda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz qiymati 1,2 foizga arzonlab, 1,66 mlrd dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, Rossiya gazini yetkazib berishning fizik hajmi 14,9 foizga — 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrga oshgan.

Importning o‘sishi mamlakatda gaz qazib olish hajmining pasayib borayotgani fonida kuzatilmoqda. XEA ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–may oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga yoki 2,6 mlrd kub metrga kamaygan.

Agentlik bu pasayishni mavjud konlarning avvalgi qazib olish hajmlarini saqlab qolish imkoniyatlari yomonlashgani bilan izohlamoqda.

Taqqoslash uchun, Turkmanistonda bu davrda gaz qazib olish hajmi deyarli o‘zgarmagan. Qozog‘istonda esa taxminan 8 foizga yoki 1 mlrd kub metrdan ko‘proqqa kamaygan.

Umuman olganda, Yevroosiyoda gaz qazib olish 2025 yil yakunlari bo‘yicha 3 foizlik pasayishdan so‘ng birinchi yarim yillikda tiklana boshladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich asosan Rossiya hisobiga qariyb 2,5 foizga o‘sgan. 2026 yil yakunlari bo‘yicha XEA mintaqada qazib olish hajmi 2 foizga oshishini kutmoqda.

Yevroosiyoda (Armaniston, Ozarboyjon, Gurjiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) gazga bo‘lgan talab qariyb 3 foizga o‘sishi mumkin. Bunga yil boshidagi qish oylarining sovuqroq kelgani ham sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, mintaqada qazib olish hajmi hamon 2021 yilgi darajadan 9 foizga pastligicha qolmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid