Jamiyat | 21:19 / 11.07.2026
1265
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 200dan ortiq suv havzalarining nomlari o‘zgardi

“Akkol” nomi “Oqko‘l”, “Rybatskiy zaliv” - “Baliqchiko‘l”, “Tubakol” - “Tubako‘l” ko‘rinishida rasmiylashtirildi.

Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimizdagi ayrim daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, qonunchilik talablari asosida nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilayotgan hamda yangi nom berilgan 216 ta daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar va sharsharalar ro‘yxati tasdiqlandi.  

Masalan, “Akkol” nomi “Oqko‘l”, “Rybatskiy zaliv” — “Baliqchiko‘l”, “Tubakol” — “Tubako‘l” ko‘rinishida rasmiylashtirildi.

Qarorda Suv xo‘jaligi vazirligiga ikki oy muddatda Kadastr agentligi, Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda daryolar, soylar, buloqlar, sharsharalar nomlarining davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi hamda ularga yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga o‘zgartishlar kiritish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, vazirlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar va sharsharalarda o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoidalari va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishini ta’minlaydi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid