Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Ukrainadan mamnun, Rossiyaga Hindistondan benzin – hafta dayjesti
Hafta davomida Eron va Amerika o‘rtasida urush qaytalandi. Vaziyat shunchalikka bordiki, Tramp uni o‘ldirishsa, «Eronning kulini ko‘kka sovurish bo‘yicha» buyruq chiqardi. Demak, fevraldan buyon Eron bilan urushib yotgan Amerika prezidenti qandaydir xavfni sezgan. Rossiya – Ukraina urushi ham hali-beri tugamaydigan ko‘rinadi. Rossiyada chuqur yonilg‘i inqirozi kuzatilayotgani ham Putinga ta’sir ko‘rsatmagan, urushning borishi uni to‘liq qanoatlantirmoqda. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda yodga olamiz.
Urush qaytalandi
Hafta davomida Amerika va Eron yana urushib ketdi. Eron Ali Xominaiy bilan vidolashuv marosimlari davom etayotgan, ko‘chalar odamga to‘lgan bir vaqtda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi savdo kemalariga hujum qildi. Bunga javoban Amerika Eron bo‘ylab raketa uchirdi. Yana tinch aholi vakillari o‘ldi. 60 ta tezyurar qayiq yo‘q qilindi. Shuningdek, Eron neftidan olib tashlangan sanksiyalar qayta tiklandi. Eron ham «urug‘likka asrab qo‘ygan» raketalarini olib chiqib Yaqin Sharqdagi Amerika bazalariga qaratib otdi.
Endi bu urush kulgili ko‘rinish oldi, to‘g‘risi. Axir Amerikadek qudratli davlat Eron armiyasining qayiqlari yo‘q qilingani haqida hisobot berib o‘tiribdi. Bu ketishda Pentagon Ho‘rmuz bo‘g‘ozida noqonuniy baliq ovlayotgan baliqchilarga qarshi reyd o‘tkazib, brokonerlarni qo‘lida ikra bilan suratini e’lon qilsa ham, ajablanmang. Urush bunaqa bo‘lmaydi, juda maydalashib ketishdi. Sababi oddiy, urush nega boshlanganini hech kim tushuntirib berolmaydi.
Bu urush faqat va faqat Isroil manfaatiga mos edi, faqat Isroil Yaqin Sharqda notinchlik bo‘lishini istar, vaziyat qancha mujmal bo‘lsa, ular uchun shuncha yaxshi edi. Ular orzu qilganidek bo‘lmoqda barchasi. Futbol o‘yinlarida hisob 0:0 bo‘lsa, kim yaxshiroq o‘ynaganini bilish uchun statistikaga qaraladi. Bu borada birgina fakt Amerikani obro‘sizlantirish uchun yetarli: Eron yarim yildan buyon Amerika bilan urushmoqda! Bunaqa obro‘ga erishishni eronliklar orzu ham qilmagandi.
Eron 4 oy oldin o‘lgan diniy rahbarini 20 million odamni ko‘chaga chiqarib, tantanali ko‘mayotgan vaqtda javob zarbasidan qo‘rqmay Amerika bazalariga raketa uchirmoqda, qat’iyatni qarang! Va bu qat’iyatni Eron AQShdan oldi. Amerika urushda hech qanday maqsadiga erisha olmadi, chunki maqsadning o‘zi yo‘q edi.
Eron rahbariyati to‘liq tarkibda o‘ldirildi, ularning o‘rniga kelganlar ham o‘ldi, urish mumkin bo‘lgan hamma harbiy obektlarga raketa uchirildi, lekin Eron ko‘chalarida Amerikani la’natlash davom etmoqda, eronliklar do‘stlashaylik demayapti, 1979 yil bostirib kirilgan elchixona qaytib ochilmadi. Futbolchasiga aytganda, Amerikaning hamma zarbalari noaniq ketyapti, hisob 0:0, statistikada esa ustunlik Eronda!
Benzin inqirozi davom etadi
Rossiyada benzin inqirozi davom etadi. Ushbu hafta Rossiya hukumati yonilg‘i inqirozining asosiy sababi Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalari ekanini rasman tan oldi. Bosh vazir o‘rinbosari Novak Ukraina zarbalari sabab zavodlar ishdan chiqishi ayrim hududlarda benzin uchun navbatlar yuzaga kelishiga olib kelganini aytdi. Qrimdan boshlangan inqiroz hozir butun Rossiya bo‘ylab tarqaldi. Oqibatda Rossiya Belarusdan benzin sotib olishni oshirdi, tasavvur qilyapsizmi?
«Zapravka»larda navbat sabab janjal yuzaga kelishi oddiy holga aylandi. Hozir Rossiya ishlab chiqarayotgan benzin ichki ehtiyojni faqat 65 foizga qondirmoqda. Belarusni-ku qo‘yavering, Rossiya Hindistondan benzin sotib olishni boshladi. Hindlar Rossiyadan arzonga neft olardi, mana endi o‘sha arzon neftni benzin qilib qimmatga sotadi. 2022 yil 24 fevralda ruslar bunaqa bo‘lishini tasavvur ham qilmasdi, ularning da’volari butkul boshqacha edi. Endi esa mana shunaqa reallik.
«Moskva xavfli, u yerda ukrain dronlari bor»
Turkiyada NATO sammiti o‘tkazildi. Katta shov-shuv bilan o‘tkazilgan sammitda Donald Tramp ham ishtirok etdi. Alyansning avvalgi yig‘ilishlarida Tramp maydaroq odamlarni yuborayotgandi. Bu gal o‘zi bordi va Erdo‘g‘an unga sultonlarga xos qabul uyushtirdi. Tramp ittifoqchilarini tanqid qildi, Eron bilan urushda yordam bermayapsizlar, dedi. Lekin umuman olganda, oldingi asabiylik ancha kamaygani sezildi. Tramp Turkiyaga samolyotlar va’da qildi, hamma bilan kulib gaplashdi.
Sammitning asosiy uchrashuvi Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida o‘tkazildi. Tramp Zelenskiyga «Patriot» havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar ishlab chiqarish litsenziyasi berilishini aytdi. «Kam qurol beryapsiz deyotgandingiz, marhamat, endi o‘zingiz ishlab chiqaring», dedi Tramp.
Amerika prezidenti qayerda kim bilan uchrashmasin, jurnalistlarni to‘plab, ochiq muloqot qilishni yaxshi ko‘radi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Uchrashuv vaqtida Trampdan Zelenskiy va Putin Moskvada uchrashishi mumkinmi, deb so‘rashdi. Tramp Putin shunday uchrashuv istayotgani, lekin bunga Zelenskiyning ko‘zi bilan qarash kerakligini aytdi-da, «Siz uchrashgan bo‘larmidingiz?» deb Ukraina prezidentiga yuzlandi. Zelenskiy baribir so‘z ustasi, Trampning savoliga o‘z uslubida javob berdi: «Yo‘q, Moskva bo‘lmaydi, ukrain dronlari sabab u yer xavfsiz emas». Bu juda kuchli javob bo‘ldi.
AQSh Ukraina zarbalaridan mamnunmi?
NATO sammiti davomida Trampdan Ukrainaning Rossiya ichkarisiga berayotgan zarbalari haqida so‘rashdi. Amerika prezidenti kutilmagan javob berdi: «Ha, bu eskalatsiya, lekin urush tugashini tezlatadigan eskalatsiya», dedi Tramp. Ya’ni, Vashington Ukrainaning Rossiyani tinchlikka undash operatsiyalarini qo‘llamoqda. Axir Tramp Rossiyadek neft davlatida oddiy benzin taqchil bo‘lib qolganini ko‘rib turibdi.
Yirik nashrlarning yozishicha, Amerika hukumati Ukrainaning bu taktikasidan mamnun. Ular hatto Rossiya neftni qayta ishlovchi zavodlariga zarba berishda havo hujumidan mudofaa tizimlarini aylanib o‘tishda yordam berish maqsadida Ukrainaga razvedka ma’lumotlari ham taqdim etmoqda. Natijada Ukrainaning neft obektlariga zarbalari aniqroq, samaraliroq bo‘la boshlagan.
Ukrainada mojaro
Ukrainada urush boshlanganidan buyon harbiy komissariyat va fuqarolar o‘rtasida doimiy tortishuvlar bo‘lib turadi. Hududiy to‘ldirish markazlari frontga erkaklarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Lvivda o‘tgan hafta markaz mashinasi fuqarolar hujumiga uchragan. Olomon harbiy komissariyat mashinasini ag‘darib tashlagan, holatni atrofdagi odamlar videoga olib turgan.
Harbiylar o‘z ishiga aralashayotgan fuqarolar bilan tortishib qolgan, keyin tortishuv janjalga aylanib ketgan. Harbiylar 1996 yilda tug‘ilgan erkak harbiy ro‘yxatdan o‘tmay qochib yurgani uchun tekshirayotgan bo‘lgan, fuqarolar buni sharmandalik deb atab to‘polon ko‘targan. Ko‘p o‘tmay janjal ishtirokchilari bilan tarbiyaviy suhbat o‘tkazilayotgani videosi tarqaldi, ular frontga borishga, ro‘yxatga yozilishga va’da bergan.
Ukrainada bu holat urush boshidan buyon davom etib kelmoqda. Vaziyatga prezident devoni rahbari Kirilo Budanov munosabat bildirdi: «Bugun o‘z armiyangiz harbiysini urib, kiyimini yirtyapsiz. Endi o‘ylab ko‘ring, sizning kiyimingizni yirtib, o‘zingizni urishayotganda kim sizni himoya qiladi?».
Mavzuga oid
13:41 / 05.07.2026
Xominaiy 4 oy o‘tib ko‘miladi, Yevropa «olov ichida» - hafta dayjesti
00:51 / 29.06.2026
Ukraina Belarusni ogohlantirdi, Rossiyada benzin inqirozi – hafta dayjesti
17:00 / 21.06.2026
AQSh va Eron kelishdi, Moskva olov ichida – hafta dayjesti
15:18 / 14.06.2026