Texnologiya | 23:59 / 12.07.2026
1087
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyliklar telefonlaridan ko‘ra elektromobillarini tezroq yangilashmoqda

Texnologiyalar tez takomillashib borayotgani sababli ikki-uch yil avval ishlab chiqarilgan modellar yangilaridan ancha ortda qolmoqda. Shu bois ko‘plab haydovchilar elektromobillarini yangisiga almashtirishga qaror qilmoqda.

Foto: AP

Xitoyda elektromobillarning o‘rtacha yoshi 1,8 yilga, oddiy ichki yonuv dvigatelli avtomobillarniki esa 8,2 yilga teng, deb xabar berdi China Press gazetasi Xitoy avtomobilsozlar assotsiatsiyasi va Hejun Consulting kompaniyasi qo‘shma hisobotiga asoslanib.

Qayd etilishicha, akkumulyatorlar, elektr motorlar, boshqaruv elektronikasi va boshqa texnologiyalarning tez takomillashib borayotgani sababli ikki-uch yil avval ishlab chiqarilgan modellar yurish masofasi, quvvatlanish samaradorligi va hisoblash imkoniyatlari bo‘yicha yangilaridan ancha ortda qolmoqda. Shu bois ko‘plab haydovchilar elektromobillarini yangisiga almashtirishga qaror qilmoqda.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, elektromobillarning o‘rtacha yoshi hatto mobil telefonlarni almashtirish davridan ham past. Bundan tashqari, ularning qoldiq qiymati tez pasayadi: uch yildan so‘ng elektromobil dastlabki narxining atigi 43,35 foizini saqlab qoladi.

Mart oyida Umicore kompaniyasi bosh direktori Matias Midrayx Financial Times nashriga bergan  intervyusida AQSh avtomobil ishlab chiqaruvchilari elektromobillarni sotishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytda Xitoy bozori o‘sishda davom etayotganini ta’kidlagandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar texnik jihatdan raqobatchilarnikidan qolishmaydi va narxi ham ancha arzon.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid