Jahon | 20:57 / 13.07.2026
4984
4 daqiqa o‘qiladi

Odessadagi port o‘qqa tutildi: savdo kemasi dengizchilari halok bo‘lgan

Ukraina esa RF yashirin floti tankerlariga muntazam ravishda zarba bermoqda.

Foto: Nina Liashonok / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya armiyasi 13 iyul kuni Odessa oblastining Chernomorsk shahridagi port infratuzilmasini o‘qqa tutdi, deb xabar berdi region rahbari Oleg Kiper.

Hujum oqibatida portda turgan, Togo bayrog‘i ostida suzuvchi savdo kemasida yong‘in chiqqan. Kiperning ma’lumotiga ko‘ra, kemaga mineral o‘g‘it yuklangandi. Ekipajning besh a’zosi halok bo‘lgan, yana o‘n kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar qaysi davlat fuqarolari ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Bu so‘nggi bir oy ichida Rossiya zarbasi oqibatida savdo kemalari ekipaji a’zolari halok bo‘lishi bilan bog‘liq uchinchi holat. 22 iyunga o‘tar kechasi dronlar hujumi tufayli turklarning Panama bayrog‘i ostida Ukraina tomon suzayotgan yuk kemasida yong‘in chiqqandi. Natijada kema oshpazi halok bo‘lgan, sakkiz dengizchi evakuatsiya qilingandi.

Undan uch kun oldin esa Rossiya dronlari Panama hamda Sent-Kits va Nevis bayroqlari ostida harakatlangan kemalarga urilgandi. Birinchi kemada bir kishi halok bo‘lib, yana ikki kishi yaralangan, ikkinchisida uch kishi jarohat olgandi.

O‘z navbatida, ukrainalik harbiylar so‘nggi vaqtlarda Azov dengizi akvatoriyasida Rossiyaning g‘alla ortilgan tankerlari va kemalariga zarba berishni sezilarli darajada kuchaytirdi.

Ukraina qurolli kuchlari Pilotsiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi («Madyar») 12 iyul kungi bayonotida o‘tgan hafta davomida dronlar Rossiyaning 90 dan ortiq savdo kemalariga zarba berganini ma’lum qildi – uning ta’kidlashicha, bu kemalarning barchasi RF yashirin floti tarkibiga kirgan.

Bu davomli zarbalar oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgani ma’lum – 10 iyul kuni Taganrog ko‘rfazida dronlarning «turli maqsadlardagi» to‘rtta kemaga hujumi oqibatida matros halok bo‘ldi, deb xabar bergan Rostov oblasti rahbari Yuriy Slyusar.

Yoz boshidan buyon Ukraina qurolli kuchlari zarbalari oqibatida eng ko‘p qurbonlar soni 5 iyun kuni qayd etilgan: o‘shanda ukrain dronlari Turkiyadan Rostov-Donga kelayotgan ikki kemaga hujum qilgandi. Besh dengizchi halok bo‘lgan, ularning barchasi Ozarboyjon fuqarolari edi.

Fuqarolik kemalariga hujum qilish jinoyat sifatida baholanishi mumkin. «Savdo kemalari fuqarolik obektlari hisoblanadi va agar ular harbiy nishon sifatida belgilangan mezonlarga mos kelmasa, hujumdan himoyalangan bo‘ladi»,  – degandi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi aprel oyida, Rossiya yuk kemasi ekipajining uch nafar Ukraina qurolli kuchlari hujumi oqibatida halok bo‘lganidan so‘ng.

O‘shanda BMT dengizchilar tinch aholi vakillari ekani va «qasddan qilingan hujumlar nishoni bo‘la olmasligi»ni ma’lum qilib, urushayotgan tomonlar ularga zarar yetkazmaslik uchun «barcha zarur ehtiyot choralari»ni ko‘rishi kerakligini eslatgandi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi tankerlar va paromlar qonuniy nishonlar ekanini ta’kidlamoqda, bu tankerlar sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda neft tashish uchun foydalanilishi, paromlar esa «RF qurolli kuchlari manfaatlari yo‘lida yuk tashishi» bilan izohlanadi. Rossiya harbiylari Ukraina kemalariga bergan zarbalari yuzasidan izoh bermayapti.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid