Jahon | 20:27 / 13.07.2026
4128
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalarning o‘tishi uchun haq olishini e’lon qildi

Tramp Qo‘shma Shtatlar bo‘g‘ozning «qo‘riqchi farishtalariga» aylanishini va o‘z sa’y-harakatlari uchun kompensatsiya olishi kerakligini aytdi.

Foto: Amirhossein Khorgooei/ISNA/AFP via Getty Images

AQSh, ehtimol, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nazoratiga oladi va u orqali kemalarning xavfsiz o‘tishini ta’minlagani uchun pul undirish niyatida, deb e’lon qildi Donald Tramp.

Fox News telekanaliga bergan intervyusida Tramp Qo‘shma Shtatlar bo‘g‘ozning «qo‘riqchi farishtalariga» aylanishini va o‘z sa’y-harakatlari uchun kompensatsiya olishi kerakligini aytdi.

«Bizga uni qo‘riqlash uchun katta pul to‘lashadi, - dedi Tramp. — Bizga pulni qoplab berishadi, chunki boshqa mamlakatlar juda boy. Ular bizning tomonimizda va bizdan buni bepul qilish kutilmaydi».

Trampning aytishicha, AQSh kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishi uchun oladigan to‘lov tashiladigan yuk qiymatining 20 foizini tashkil etadi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon neft tranzitida muhim rol o‘ynaydi. AQSh va Isroilning Eron bilan urushi boshlanishidan oldin dunyo neft tranzitining 20 foizigacha bo‘lgan qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tgan. Urush boshlanganidan so‘ng Eron bo‘g‘ozni kemalar o‘tishi uchun yopib qo‘ydi, bu esa jahon bozorida neft narxining keskin oshishiga sabab bo‘ldi. AQSh, o‘z navbatida, dengiz blokadasini joriy etib, kemalarni Eron portlariga o‘tkazmadi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar o‘tishi uchun ochish masalasi AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy masalalaridan biri edi. Iyun oyi o‘rtalarida Vashington va Tehron o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjatda 60 kunga o‘t ochishni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘ylab kemalar harakatini qayta tiklash ko‘zda tutilgan edi. Iyul oyi boshida Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi «tugadi» deb hisoblaganini e’lon qildi. Eron, o‘z navbatida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopayotganini ma’lum qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid