Jahon | 21:50
1660
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri va xalqiga hamdardlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq amiri shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish maqsadida ushbu mamlakatga tashrif buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

14 iyul kuni Lusail saroyida davlat rahbari Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi. Muloqot avvalida prezident Qatar amiriga otasi vafot etgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Shayx Hamad Ol Soniy Qatar erishgan ko‘plab tarixiy yutuqlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi jadal islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga ulkan hissa qo‘shgan siyosat arbobi bo‘lgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ul zotning mamlakatlar o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlashdagi samarali mehnatlari alohida qayd etildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qatar bugungi kunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi muhim o‘rin egallayotgani, xalqaro maydonda katta ta’sirga ega “Doha ovozi” paydo bo‘lganini e’tirof etdi.

Ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Qatar amirini O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid