Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent viloyatining ikki hududiga yangi hokimlar tayinlandi
Prezident tashrifi ortidan Bekobod shahri hokimi Nasrulla Boboyev hamda Yangiyo‘l tumani hokimi Odiljon Ataullayev ishdan ketdi. Ularning o‘rnini mos ravishda Narimonjon Ismoilov va San’at Jumaniyozov egalladi.
Narimonjon No‘monovich Ismoilov Toshkent viloyati Bekobod shahrining yangi hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
14 iyul kuni shaharda Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va navbatdagi muhim vazifalar yuzasidan tahliliy ma’ruza qilgan.
Viloyat hokimi Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi» maxsus sanoat parki direksiyasi direktori sifatida ishlab kelgan Narimonjon No‘monovich Ismoilov nomzodini Bekobod shahri hokimligi uchun tavsiya qilgan. Deputatlar ushbu nomzodni shaharning yangi hokimi etib tasdiqlashgan.
- Bekobod shahriga 2022 yil may oyidan buyon Nasrulla Boboyev rahbarlik qilayotgandi. Uning ishdan ketishi sababi ma’lum emas.
Shu kuni Yangiyo‘l tumanida ham xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tib, unda ham tashkiliy masala ko‘rildi.
Zoyir Mirzayev Yangiyo‘l tumani hokimi lavozimiga shu paytga qadar Vazirlar Mahkamasida mas’ul vazifada ishlab kelayotgan San’at Shakirovich Jumaniyozov nomzodini tavsiya qildi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan S. Jumaniyozov Yangiyo‘l tumani hokimi etib tasdiqlandi.
Tumanga 2023 yil avgustidan buyon Odiljon Qosimovich Ataullayev rahbarlik qilib kelayotgandi.
Viloyatdagi ushbu o‘zgarishlar 13 iyul kuni prezident Bekobod tumaniga tashrif buyurib, yangi infratuzilma va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishishi ortidan ro‘y berdi.