Jahon | 20:25
1047
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada Netanyahuni hibsga olish uchun xalqaro order berildi

Netanyahu va Isroilning boshqa rasmiylari G‘azo sektorida «insoniyatga qarshi jinoyatlar»da ayblanmoqda.

Foto: EPA

Istanbulning 11-Oliy jinoyat sudi Tel-Avivning G‘azo sektoriga gumanitar yordam olib ketayotgan flotiliyani to‘xtatib qolgani sababli Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun xalqaro order berishga qaror qildi, deb yozdi Hürriyet gazetasi.

Gap G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga uringan Global Sumud Flotilla (GSF) gumanitar flotiliyasi haqida bormoqda. Aprel oyida Istanbul prokuraturasi flotiliya kemalarini qurolli ravishda egallashda 35 kishiga, jumladan, Netanyahuga qarshi ayblov xulosasini e’lon qilgan edi. Idora ularning har birini umrbod ozodlikdan mahrum etish va 1102 yil-u 9 oydan 4596 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilishni talab qilgan. Prokuratura Isroilning harakatlari «xalqaro huquqning asosiy me’yorlarini ochiq-oydin va qo‘pol ravishda buzish bo‘lgan, shuningdek, kemalarni majburan to‘xtatish, tinch aholini kuch va zo‘ravonlik ishlatib hibsga olish, jismoniy zo‘ravonlik hamda inson qadr-qimmatiga zid muomala bilan kechgan», deb hisobladi.

Ayblanuvchilar orasida Netanyahudan tashqari Isroil mudofaa vaziri Israel Kats, uning o‘tmishdoshi Yoav Galant, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir, Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir va boshqalar bor.

Ular «insoniyatga qarshi jinoyatlar», «genotsid», «ozodlikdan noqonuniy mahrum qilish», «qasddan badanga shikast yetkazish», «qiynoqqa solish», «bosqinchilik», «mol-mulkni yo‘q qilish yoki unga zarar yetkazish» va «transport vositasini egallab olish»da ayblanmoqda.

Isroil tomoni ayblovlarni rad etmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid