O‘zbekiston | 20:05
760
6 daqiqa o‘qiladi

“Elektromobil saratonga olib keladi deyish mutlaqo asossiz” - mutaxassis

Dunyo avtomobil bozorini elektromobillar egallashni boshladi. Bu esa qator savollarni o‘rtaga tashlamoqda. Xususan, elektromobillar qanchalik xavfsiz? Ularning elektromagnit maydoni odamlarda kasallik keltirib chiqaradimi? Elektromobillar nega yonadi? Kun.uz ko‘pchilikni qiziqtirgan savollar yuzasidan Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti ilmiy xodimi Ilhom Ashurov bilan suhbatlashdi.

— Elektromobillar yonishining eng ko‘p uchraydigan sabablari qaysilar?

— Elektromobillar atrofidagi shov-shuvlar yangi texnologiyalarga nisbatan tabiiy hayiqish va internetdagi feyk ma’lumotlar natijasidir. Oddiy mashinalar yong‘iniga ko‘nikib qolgan jamiyat bitta elektromobilnikini dahshatdek qabul qilmoqda. Odamlarga vaqt va ilmiy tushuntirish kerak: ularning qo‘rquvlari real asosga ega emasligini bosqichma-bosqich isbotlab borish lozim.

Elektromobillardagi yong‘in sabablarini hech qachon faqat bitta qismga bog‘lab bo‘lmaydi. Albatta, asosiy energiya manbai hisoblangan, elektr energiyasini kimyoviy jarayonlar orqali o‘zida saqlaydigan akkumulyatorlar (batareyalar) birinchi bo‘lib tilga olinadi va ko‘pchilik yong‘inni aynan ular bilan bog‘laydi. Biroq har qanday vaziyatda ham yakuniy xulosani mutaxassislar ekspertizasi va ishlab chiqaruvchi kompaniyaning rasmiy izohidan keyingina aytish mumkin. Biz tashqaridan turib qancha ma’lumotga ega bo‘lmaylik, voqeaning to‘liq va aniq manzarasini bilolmasligimiz mumkin.

Yong‘in sabablari faqat akkumulyatordan iborat emas. Elektromobilda akkumulyatordan tashqari yuqori kuchlanishli tizimlar, murakkab elektronika tarmoqlari va DC-DC konverterlar (kuchlanish o‘zgartirgichlar) mavjud. Ushbu tizimlarning istalgan joyida sodir bo‘lgan qisqa tutashuvlar ham yong‘inga olib kelishi mumkin.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, elektromobillar yong‘inida juda yuqori haroratli ekzotermik jarayonlar kechishi sababli, yonib bo‘lgan mashinani tekshirib, yong‘inning asl o‘chog‘i va sababini aniqlash ekspertlar uchun ham juda qiyin vazifa. Bizning har qanday ilmiy asoslangan fikrlarimiz ham rasmiy izoh o‘rnini bosa olmaydi va shaxsiy taxmin bo‘lib qolaveradi. Shu bois, biror noxush holat yuz berganda, birinchi navbatda brend egalari yoki rasmiy dilerlar aniq va rasmiy munosabat bildirishlari shart.

— Bugungi kunda elektromobillarda asosan qanday akkumulyator turlari ishlatiladi va ularning bir-biridan farqi nimada?

— Elektromobillarda asosan ikki turdagi litiy-ion akkumulyator qo‘llaniladi: NMC (nikel marganets kobaltli) va LFP (litiy temir fosfatli). Ularning asosiy farqi katod materialida. NMC akkumulyatorining katodi nikel, marganets va kobaltdan tashkil topgan bo‘lsa, LFP akkumulyatorida litiy, temir va fosfat ishlatiladi. Qolgan ishlash prinsipi deyarli bir xil. Amaliy jihatdan eng muhim farqi — xavfsizlik. NMC akkumulyatorlari yuqori haroratda zanjirli termik reaksiyaga tezroq kirishi sababli yong‘in xavfi nisbatan yuqoriroq. LFP akkumulyatorlari esa issiqlikka barqarorroq bo‘lib, bunday reaksiyaga ancha kechroq kiradi va shu bois xavfsizroq hisoblanadi.

Litiy-ion akkumulyatorlarning tavsiya etilgan ish harorati odatda -20°C dan +60°C gacha. Juda sovuq sharoitda zaryadlash samaradorligi keskin pasayadi, +60°C dan yuqori haroratlarda esa akkumulyator ichidagi materiallar barqarorligini yo‘qota boshlaydi. NMC akkumulyatorlarida taxminan 200°C atrofida termik barqarorlik keskin buzilishi mumkin, LFP akkumulyatorlari esa bundan yuqori haroratlargacha nisbatan barqarorligini saqlab qoladi.

— Elektromobillardagi akkumulyatorlar elektromagnit nurlanish tarqatishi va hatto saraton kasalligini keltirib chiqarishi haqida gaplar bor, bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Tibbiy nuqtai nazardan, saraton kasalligini keltirib chiqarish uchun nurlanish ionlashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lishi kerak (masalan, rentgen yoki gamma nurlari kabi). Elektromobillarda esa mutlaqo boshqa tabiatga ega bo‘lgan ionlashtirmaydigan elektromagnit maydon mavjud.

Tok bor joyda elektromagnit maydon bo‘lishi fizik qonuniyat, buni hech kim inkor etmaydi. Biroq bu maydon inson DNK strukturasini buzish yoki saratonni qo‘zg‘atish xususiyatiga ega emas. Shunday ekan, elektromobil haydash saratonga olib keladi deyish mutlaqo asossizdir.

Albatta, fan va ilmga asoslangan bunday tushuntirishlarni ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda biroz salbiy yoki shubha bilan qarshi oldi. Chunki insonlar ko‘pincha o‘zlarining vahimali tasavvurlariga mos kelmaydigan ilmiy haqiqatlarni qiyinchilik bilan qabul qilishadi.

Agar bu texnologiya inson salomatligi uchun real xavf tug‘dirganida edi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti allaqachon buni taqiqlagan yoki ogohlantirish bilan chiqqan bo‘lardi. Aksincha, JSST elektromobillarga o‘tish tendensiyasi boshlanganidan buyon ulardagi elektromagnit maydon darajasi belgilangan xavfsizlik me’yorlaridan karrasiga past ekanligini ta’kidlab keladi.

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Севара Жабборова
Muallif Севара Жабборова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid