Iqtisodiyot | 19:54
424
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi. Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xulosa hamda tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Markaziy bank o‘z huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etilgani haqida xabar berdi.

Foto: Markaziy bank

Qayd etilishicha, u islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklar, mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Kengash tarkibi Islom huquqi bo‘yicha mutaxassis va texnik ekspert bo‘lgan 5 nafar a’zodan iborat. Tuzilmaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan Saidjamol Masayitov rais, Muhammadayubxon Homidov rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Kengash a’zolari tarkibidan Hikmatilla Toshtemirov, Abdullatif Tursunov va texnik ekspert sifatida Axrorjon Sadullayev ham o‘rin olgan.

Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi. Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xulosa hamda tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya bo‘yicha tavsiyalar beradi, ular bilan maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi hamda AAOIFI yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashib, xalqaro standartlar loyihalari yuzasidan taklif va mulohazalar bildiradi. Kengash har yili Markaziy bank boshqaruviga o‘z faoliyati bo‘yicha yillik hisobot taqdim etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid