Jamiyat | 20:52 / 15.07.2026
1146
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident 2030 yilgacha 1,5 ming rahbar kadr zaxirasini shakllantirishni buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030 yilgacha 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat milliy rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishni topshirdi. Istiqbolli boshqaruvchilar sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar asosida saralanib, maxsus dasturlar orqali tayyorlanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda sun’iy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver sohalari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangani qayd etildi. Ayniqsa, energetika va «yashil» texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida malakali mutaxassislarga talab yuqori.

Davlat rahbari tayyor kadrlar bazasi bo‘lmasa, boshqaruv tizimida uzilishlar yuz berishi, ish samaradorligi va qarorlar sifati pasayishini ta’kidladi.

Kadrlarni baholashda eskicha «obektivka» usulidan voz kechib, nomzodning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik qobiliyatini qamrab oladigan portfolio tizimiga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi tartibga ko‘ra, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon bo‘yicha baholanadi. Katta ma’lumotlar va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sun’iy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Mazkur tizimni dastlab qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va qurilish sohalarida sinovdan o‘tkazish taklif etildi.

Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini saralab olish, shu tariqa 2030 yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.

Taqdimotda rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shaffof shakllantirishga qaratilgan «TOP-100» ochiq tanlovini o‘tkazish mexanizmi ham bayon qilindi. Tanlov agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus o‘quv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi, ularning kasbiy o‘sishi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.

Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetini tamomlagan va ularda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Bu borada 2026 yil 1 oktyabrdan career.edu.uz platformasida «Xorijdagi talabalar» modulini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali chet elda ta’lim olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot o‘tashi, ish beruvchilar bilan muloqoti hamda kelgusida ishga jalb qilinishi ta’minlanadi.

Yig‘ilishda «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. O‘tgan yili jamg‘arma transformatsiya qilingani natijasida dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohi talabasi bo‘lgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetdi. Keyingi yilda yangi tartib asosida o‘tkazilgan uchta tanlovda 447 nafar iqtidorli yosh stipendiya sohibi bo‘ldi.

Shu bilan birga, jamg‘arma dasturlarini hudud va tarmoqlarning aniq ehtiyojlariga bog‘lash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, o‘qish xarajatlarini yirik korxonalar bilan birgalikda moliyalashtirish, nufuzli xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, bitiruvchilarning ilmiy tadqiqotlari, startaplari va islohotlarga qaratilgan tashabbuslarini kichik grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash, yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida liderlik dasturlarini tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.

Prezident kadrlarni saralashda ochiqlik va xolislikni ta’minlash, iqtidorli mutaxassislarni tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatidan mamlakat taraqqiyoti yo‘lida samarali foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid