Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalarini portlatish bilan tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Tehron muzokaralar stoliga qaytmasa, kelasi haftadayoq Eron ko‘priklari va elektr stansiyalariga zarba berish bilan tahdid qildi. Bu haqda u AQSh va Eron o‘rtasida to‘rtinchi kun davom etayotgan zarbalar almashinuvi fonida Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Avvalroq Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan barcha yuklarga 20 foizlik boj joriy etish g‘oyasidan voz kechgan, biroq bir vaqtning o‘zida Eron portlariga dengiz blokadasini qayta e’lon qilgandi.
«Keyingi haftada ular uchun hammasi haqiqatan ham juda yomon bo‘ladi, – degan Tramp. – Biz ularning barcha elektr stansiyalarini ishdan chiqaramiz. Agar ular muzokaralar stoliga o‘tirmasa va kelishuvni boshlamasa, ularning barcha ko‘priklarini vayron qilamiz».
Donald Tramp aprel oyida ham Erondagi fuqarolik infratuzilma obektlari, jumladan, ko‘priklar va elektr stansiyalarga zarba berish bilan tahdid qilgandi.
O‘shanda BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk «xalqaro huquqqa ko‘ra, tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmalari obektlariga qasddan hujum qilish harbiy jinoyat hisoblanishi»ni eslatgandi.
Urush olib borishni tartibga soluvchi 1949 yilgi Jyeneva konvensiyasi tinch aholi uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan obektlarga zarba berishni taqiqlaydi.
Biroq, seshanba kuni kechqurun Special Report with Bret Baier dasturi uchun bergan intervyusida Tramp Eronning energetika infratuzilmasi Amerika zarbalarining ehtimoliy nishonlaridan biri bo‘lib qolayotganini yana bir bor ma’lum qildi.
«Energetika obektlarini oxiriga olib qo‘yaman, ammo oxir-oqibat biz ularga ham zarba beramiz», – degan AQSh prezidenti.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni kechqurun amerikalik muzokarachilar Eron tomoniga qat’iy ogohlantirish yuborgan.
«Ular kelishuvni tuzgani ma’qul. Aks holda ularda hech narsa qolmaydi», – deydi Tramp.
Zarbalar almashinuvi va shikastlangan kemalar
U.S. Central Command / Reuters / Scanpix / LETA
AQSh markaziy qo‘mondonligi (Centcom) «Eronning kemachilikka tahdid qilish qobiliyatini yanada zaiflashtirish» maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi o‘nlab nishonlariga zarbalar berganini ma’lum qildi. Eron armiyasi chorshanba kuni mamlakat janubi-sharqidagi Bampur shahridagi bazaga berilgan zarbalar oqibatida kamida yetti nafar eronlik harbiy xizmatchi halok bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Eron davlat nashrlari Bandar-Abbos port shahri yaqinida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Keshm orolida va Bandar-Humayniyda portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar bergan. Keyinroq mamlakatdagi yagona fuqarolik atom elektr stansiyasi joylashgan Bushir porti ham zarbaga uchragani ma’lum bo‘ldi.
O‘z navbatida, Eron Amerikaning Iordaniya, Kuvayt va Bahrayndagi bazalariga javob zarbalari yo‘llagan. Islom inqilobi muhofizlari korpusi bayonotiga ko‘ra, Bahraynda AQShning Beshinchi floti o‘qqa tutilgan. Kuvayt, Bahrayn va Iordaniyadagi harbiylar chorshanba tongida havo hujumlari qaytarilgani haqida xabar qilishdi.
Kuvaytda yashovchilar AFP jurnalistlariga tongda havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar chalinganini aytgan.
«Har kuni uyg‘onib, vaziyat yaxshilanadimi yoki aksincha, yomonlashadimi, deb o‘ylayman, – deydi asli sudanlik bo‘lgan 39 yoshli hisobchi Mustafo Muhammad. – O‘zingizni xotirjam his qilish yoki biror narsani rejalashtirish qiyin bo‘lib qoldi, chunki hammani mavhumlik qamrab olgan».
«Eng yomoni shuki, bularning barchasi qachon tugashini bilib bo‘lmaydi. Kutishning o‘zi holdan toydiradi», – deya qo‘shimcha qiladi asli misrlik bo‘lgan 38 yoshli davlat xizmatchisi Jorj Atif.
Seshanba kuni kechqurun AQSh harbiylari Eron yettita tijorat kemasiga zarba berib, mintaqadagi «tinch aholiga qasddan hujum qilgani», natijada «ekipaj a’zolaridan o‘nlab kishilar halok bo‘lgani, bedarak yo‘qolgani yoki yaralangani» haqida xabar qildi.
Qaysi kemalar nazarda tutilganiga aniqlik kiritilmagan, biroq so‘nggi kunlarda ushbu hududda kemalarga zarar yetkazilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari dushanba kuni kechqurun Eron qanotli raketalari ikkita tankeriga zarba bergani, natijada hindistonlik dengizchi halok bo‘lgani va yana sakkiz kishi jarohatlangani, ulardan to‘rt nafari og‘ir yaralanganini ma’lum qilgandi.
Yakshanba kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Kipr bayrog‘i ostida suzgan GFS Galaxy nomli yuk kemasi halokat signali tarqatgan, O‘mon favqulodda xizmatlari uning sahnidan 23 kishini qutqarib olgan, bir hindistonlik bedarak yo‘qolgan. Chorshanba kuni uning oilasi jasad topilganini ma’lum qildi.
Keyinchalik Islom inqilobi muhofizlari korpusi ogohlantirishlarga e’tibor bermagan, navigatsiya tizimlarini o‘chirib qo‘ygan va minalashtirilgan yo‘ldan o‘tishga uringan ikkita tankerga zarba berilganini tasdiqladi.
Inqirozli vaziyatlarga reaksiya qilish bilan shug‘ullanuvchi MTI Network kompaniyasi seshanba kuni ertalab O‘mon qirg‘oqlarida noma’lum qurilma portlashi natijasida Norvegiya tankeri shikastlanganini ma’lum qildi.
Kuvayt ham Eronning raketa-dron hujumi natijasida o‘z harbiy kemalaridan biri shikastlangani, natijada ekipajning to‘rt nafar a’zosi yaralangani haqida xabar bergan.
Trampning bo‘g‘oz uchun rejasi
Dushanba kuni Tramp AQSh endi Ho‘rmuz bo‘g‘ozining «qo‘riqchisi» ekanini aytdi va uni himoya qilishni moliyalashtirish uchun ushbu suv yo‘li orqali tashiladigan barcha yuklarga 20 foizlik boj joriy etishga va’da berdi. Bundan tashqari, u AQSh Erondagi shundoq ham murakkab iqtisodiy vaziyatni yanada chuqurlashtirish uchun harbiy-dengiz blokadasini qayta tiklashini ma’lum qildi.
Centcom tomonidan ma’lum qilinishicha, Eronning dengiz blokadasi 14 iyul kuni Grinvich vaqti bilan soat 20:00 da (Toshkent vaqti bilan 15 iyulga o‘tar kechasi soat 01:00) kuchga kirgan.
Keyin Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘i orqali reja o‘zgarganini ma’lum qilib, AQSh 20 foizlik yig‘im o‘rniga Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan savdo va investitsiya kelishuvlari tuzishi haqida yozdi.
«Bu investitsiyalar ULKAN, ammo ayni paytda ularning kelajagi uchun juda foydali bo‘ladi», – deya yozdi u va bo‘g‘oz Erondan tashqari boshqa barcha davlatlarning kemalari uchun ochiq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Keyinroq, Vashingtonda Iroqning yangi bosh vaziri Ali az-Zaydiy bilan uchrashuvdan so‘ng, Tramp Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlarining ko‘plab qo‘ng‘iroqlari tufayli boj undirish bo‘yicha dastlabki rejasini o‘zgartirganini aytib o‘tdi.
Eron esa bo‘g‘ozni nazorat qilishda davom etayotganini aytmoqda. Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy Trampning blokada to‘g‘risidagi qarori avvalroq kelishilgan sulh bitimini «ma’lum ma’noda buzgani»ni ta’kidladi.
«Agar AQSh bizga qarshi choralarni, harbiy harakatlarini va iqtisodiy qamalni kuchaytirish orqali bizni muzokaralarga qaytishga majbur qiladi deb o‘ylayotgan bo‘lsa, ular xato qilmoqda», – degn u davlat televideniyesiga.
AQSh aprel oyida Eronga dengiz blokadasini joriy qilgandi. Amerika harbiylariga ko‘ra, bu qamal amal qilgan besh hafta mobaynida Eronga aloqador bo‘lgan 100 ta tijorat kemasi qaytarib yuborilgan va to‘rttasi ishdan chiqarilgan.
Iyun oyidagi o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida qamal bekor qilingandi.
Kemachilik ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, bo‘g‘oz orqali o‘tadigan trafik ikki oylik eng past darajaga tushib ketgan. Brent markali neft narxi keskin oshgan.
Mavzuga oid
18:51
Tramp jinsiy zo‘ravonlik va tuhmat ishi bo‘yicha 5 million dollar to‘ladi
10:25
AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz blokadasini qayta tikladi
22:08 / 14.07.2026
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalar o‘tishi uchun to‘lov olish fikridan qaytdi
09:40 / 14.07.2026