Jahon | 20:07
1023
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchibek Tashiyev 2027 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etishdan voz kechdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev 2027 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etmasligini va unda amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Foto: 24.kg

Generalning xalqqa murojaatini uning safdoshi, «Region» telekanalining sobiq direktori O‘tkurbek Rahmonov e’lon qildi.

Tashiyevning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda uning nomi atrofida respublika prezidenti saylovida ishtirok etishi borasida turli mish-mishlar va yolg‘on ma’lumotlar tarqalgan. Shu munosabat bilan MXDQ sobiq rahbari vatandoshlariga ochiq murojaat qilishga qaror qilgan.

«Men 2027 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etmayman. Bu haqda bir necha bor aniq aytganman va general sifatida bergan so‘zimdan qaytmayman. Mening pozitsiyam o‘zgarmagan va o‘zgarmaydi ham», deb yozdi u.

Shu bilan birga, Tashiyev amaldagi prezidentni «do‘stim» deb atab, Japarovni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakat barqarorligi, davlat taraqqiyoti, xalq birligi va Qirg‘iziston kelajagi foydasiga tanlov qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Japarov joriy yilning 10 fevralida Qamchibek Tashiyevning bosh vazir o‘rinbosari va MXDQ rahbari lavozimlaridan iste’foga chiqqanini e’lon qilgan edi.

Aprel oyida maxsus xizmatning sobiq rahbariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Iyul oyida hukm o‘qildi. Tashiyev to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Biroq mahkum koloniyaga yuborilmaydigan bo‘ldi — qamoq jazosi uch yillik probatsiya nazorati bilan almashtirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid