Texnologiya | 22:31 / 16.07.2026
694
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda o‘ta realistik U1 odamsimon-hamroh roboti taqdim etildi

Xitoyning UBTech Robotics kompaniyasi dunyodagi ilk to‘liq o‘lchamli ultrabionik odamsimon robotlar seriyasi - UWORLD U1’ni taqdim qildi. Kundalik hayot uchun mo‘ljallangan robotlar hissiy muloqot qilish, keksalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va insonning doimiy raqamli hamrohiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Foto: UBTech Robotics

Xitoyning UBTech Robotics kompaniyasi global taqdimotda ommaviy ishlab chiqarish va kundalik foydalanishga mo‘ljallangan, dunyodagi ilk to‘liq o‘lchamli ultrabionik androidlar seriyasi bo‘lgan UWORLD U1 odamsimon robotini namoyish etdi.

Taqdimotda kompaniya asoschisi va bosh direktori Chjou Tszyan «inson va robot simbiozi» strategiyasini taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajak robotlari nafaqat xavfli ishlarni bajaribgina qolmay, balki odamlarning hissiy farovonligini qo‘llab-quvvatlovchi to‘laqonli hamrohlarga aylanishi kerak.

Yangi turkum uchta modelni o‘z ichiga oladi:

  • U1 Lite (yarim gavdali)

  • U1 Pro (yuqori unumdorlikka ega to‘liq gavdali)

  • U1 Ultra (yuqori dinamikaga ega flagman versiya)

Robotlar erkak (bo‘yi ≈183 sm, vazni ≈42 kg) va ayol (≈168 sm, ≈35,2 kg) versiyalarida mavjud.

Asosiy xususiyatlari:

  • 88 ta harakat erkinligi darajasi;

  • Biomimetik silikon teri, realistik soch va ifodali ko‘zlar;

  • Insonning asosiy harakatlarining 90 foizigacha takrorlash imkonini beruvchi maxsus biomimetik bo‘yin umurtqasi;

  • Rockchip RK3588 protsessorida ishlaydigan mahalliy hissiy sun’iy intellekt;

  • 20 dan ortiq hissiy holatni 90 foizdan yuqori aniqlikda tanib olish;

  • Uzoq muddatli xotira, proaktiv muloqot hamda nutq va mimikaning sinxronlashuvi;

  • Maxfiylikni himoya qilishning uch bosqichli tizimi (ma’lumotlar asosan lokal tarzda qayta ishlanadi).

Robotlar aql bovar qilmas darajada realistik ko‘rinadi, shu bilan birga kompaniya ularning intim munosabatlar uchun mo‘ljallanmaganini ma’lum qildi.

U1 robotining asosiy vazifasi — hissiy qo‘llab-quvvatlash va hamrohlik qilish.

Robotlar quyidagi auditoriyaga mo‘ljallangan:

  • Yolg‘iz kishilar (Xitoyda ularning soni qariyb 90 millionni tashkil etadi);

  • Keksalarni parvarishlash;

  • Mehmonlarni kutib olish, ta’lim, turizm va ko‘rgazmalar;

  • Psixologik yordam ko‘rsatish.

Shuningdek, kompaniya ijtimoiy tashabbusni ham e’lon qildi: 2026 yilda aholining ehtiyojmand qatlamlariga 100 ta maxsus robot (jumladan, yaqin kishilarning tashqi qiyofasi va ovozini qayta tiklash imkoniyati bilan) topshiriladi.

Narxlar bazaviy versiyalar uchun 119 800 yuandan (≈17 650 AQSh dollari) boshlanib, eng yuqori konfiguratsiyalar uchun 990 000 yuangacha (≈145 700 AQSh dollari) yetadi.

Taqdimotning o‘zidayoq kompaniya 13 mingdan ortiq buyurtma oldi, mahsulot sahifasi esa bir milliondan ko‘p marta ko‘rildi. Dastlabki robotlarni yetkazib berish 2026 yil sentabr oyida kutilmoqda.

U1 robotlarining ishga tushirilishi odamsimon robototexnikaning sanoatdan maishiy foydalanishga o‘tayotganining global belgisidir. Biroq, ekspertlar bir qator qiyinchiliklar mavjudligini ta’kidlamoqda: real uy sharoitida tabiiy xulq-atvorni ta’minlash, xavfsizlik va maxfiylikka oid qat’iy talablarga rioya qilish shular jumlasidandir.

Kompaniya U1 modelini robotlarni kelajakning haqiqiy «raqamli hamrohlari»ga aylantiradigan yutuq sifatida taqdim etmoqda. Hozircha bunday qurilmalar millionlab odamlarning kundalik hayotiga qanchalik tez kirib borishi va jamiyat giperrealistik androidlar bilan birga yashashga qay darajada moslashishi ochiq savol bo‘lib qolmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid