Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iroqda Trampning o‘limi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilindi
Eronparast «Iroq islomiy harakati» qurolli guruhi AQSh prezidenti Donald Trampning o‘limi uchun 10 million dollar mukofot e’lon qildi.
Shafaq News xabariga ko‘ra, tashkilot bayonotida aytilishicha, bu pullar jangarilar va harakat tarafdorlarining ixtiyoriy xayriyalari hisobidan to‘plangan. Guruh vakillariga ko‘ra, bu qaror Trampning yaqinda qilgan bayonotlariga javob bo‘ladi, unda Oq uy rahbari Eron generali Qosim Sulaymoniy va Iroq ko‘ngilli kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Abu Mahdiy al-Muhandisni yo‘q qilishdagi roli bilan «maqtangan». Ularning ikkalasi ham 2020 yil yanvar oyida Bag‘dodda Amerika dronidan berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan edi.
«Dunyodagi ozod insonlar bolalar va olimlarning qotillarini ta’qib qilishda davom etadi, zolimlarga esa hech qachon tinchlik nasib etmaydi», deyiladi bayonotda. Shuningdek, unda Trampga suiqasd uyushtirgan har qanday shaxs, guruh yoki tashkilotga mukofot to‘lanishi mumkinligi qayd etilgan.
Mukofot belgilangani haqidagi bayonot Trampga suiqasd tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi xabarlar fonida yangradi. 10 iyul kuni CNN Isroil Vashingtonga razvedka ma’lumotlarini taqdim etgani, unga ko‘ra, Eron AQSh prezidentini o‘ldirish bo‘yicha yangi reja ishlab chiqqani haqida xabar berdi.
Avvalroq, Eron oliy rahbari Ali Xominaiy AQSh zarbasi oqibatida halok bo‘lganidan so‘ng, Eronda Trampni o‘ldirishga ommaviy chaqiriqlar yangragan edi. AQSh prezidentining o‘zi ham Tehron «Amerika yetakchisini yo‘q qilmoqchi» ekanini va o‘zi ham Eron hukumatining nishonlari qatorida ekanini tan olgan.