Jahon | 23:12 / 18.07.2026
2212
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Wildberries omborlariga zarba berdi - fotolar

Qurbonlar bor, o‘nlab kishilar yaralangan.

Foto: Exilenova+

Ukraina dronlari 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha regionlariga hujum qildi, xususan, Wildberries marketpleysining Moskva va Tambov oblastlaridagi logistik markazlari zarba ostida qolgan. 

Tambov oblastining Kotovsk shahrida Wildberries ombori hujumga uchragan. Hudud gubernatori Yevgeniy Pervishov havo hujumidan mudofaa tizimlari «ishlagani», shaharga kirishda 28 dron urib tushirilganini ma’lum qilgan. «Agar ular nishonga yetib bora olganida, tinch aholi orasida qurbonlar soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin edi», – deya qo‘shimcha qilgan u. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kotovskdagi omborga hujum oqibatida tungi smenada ishlagan ishchilardan yetti nafari halok bo‘lgan. Yana 25 kishi jarohatlangan, shundan 23 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan birining ahvoli o‘ta og‘ir, yana olti kishiniki og‘ir deb baholanmoqda.

Shuningdek, Wildberries’ning Moskva oblasti Elektrostal shahridagi ombori ham hujum ostida qolgan. Bu yerda bir kishi halok bo‘lib, 37 kishi jarohatlangan, shundan sakkiz nafarining ahvoli – og‘ir, 23 nafariniki – o‘rtacha og‘irlikda deb baholangan.

Bundan tashqari, dronlar Noginskdagi neft bazasiga hujum qilgan, xavflik nuqtayi nazaridan uning yaqinidagi tug‘uruqxona evakuatsiya qilingan. 

Widlberries’ning Moskva oblastidagi logistik markaziga hujum oqibatlari aks etgan video va fotolar e’lon qilingan. 

Astra nashri o‘quvchilariga ko‘ra, Moskva oblastida yonayotgan obektlardan ko‘tarilgan tutun ustunlari 50 kilometr masofadan ham ko‘rinmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu zarbalar Rossiyaning Ukrainadagi infratuzilma obektlariga hujumlariga javob bo‘lganini aytib, Wildberries omborlarida dronlar tayyorlashda ishtiladigan qismlar saqlanganini ma’lum qildi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid