Ta’lim | 22:32 / 18.07.2026
1254
6 daqiqa o‘qiladi

Xaritada yo‘q, ammo dunyodagi eng ideal jamiyat haqida eshitganmisiz? | 5 daqiqa

Agar sizga bir mamlakatni boshqarish vazifasini berishsa, ishni nimadan boshlardingiz? Yo‘llarni tuzatishdanmi? Maoshlarni oshirishdanmi? Yoki korrupsiyani yo‘qotishdanmi? Qizig‘i, besh yuz yil avval yashagan bir odam ham xuddi shu haqida bosh qotirgan.

O‘sha odamning ismi Tomas Mor edi. Uning “Utopiya” degan kitobi bor. “Utopiya” - bir vaqtning o‘zida “eng yaxshi joy”, shu bilan birga “hech qayerda yo‘q joy” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni bu joyni xaritadan izlab o‘tirmang.

Insoniyat hamisha ideal hayotni izlab kelgan. Doim nimadir yetishmayotgandek yashaymiz. Talaba “Diplomni olsam, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb o‘ylaydi. Ishlayotgan odam “Maoshim oshsa, hayotim o‘zgaradi”, deydi. Tadbirkor “Yana bitta loyihani tugatay, keyin dam olaman”, deb xayolga beriladi. Hatto bolalar ham “katta bo‘lsam...” deb orzu qiladi. Ammo baxt hamisha yana bir qadam narida turgandek tuyuladi.

Tomas Mor jamiyatga oyna tutadi. Bu oynada esa o‘sha davr Angliyasini aks ettiradi. Boylar tobora boyib borayotgan, kambag‘allar esa tirik qolish uchun kurashayotgan jamiyat. Yerlar ozchilik qo‘liga o‘tib ketgandi. Oddiy dehqonlarning qo‘ylarchalik yashashga ham haqqi qolmagandi. Ochlik, o‘g‘rilik avjiga chiqqandi. Sudlar shafqatsiz, jazo turlari og‘ir, biroq adolat yo‘q edi.

Tomas Mor bizga Rafael Hitlodey degan sayohatchini tanishtiradi. Bu odam ko‘p yurtlarni ko‘rgan, ko‘p xalqlar bilan yashagan, zamonasidan ilgarilab ketgan inson edi. Utopiya haqidagi barcha haqiqatlarni o‘sha sayyoh gapirib beradi.

Utopiyada odamlar kuniga olti soat ishlardi. Qolgan vaqtini esa ilmga, kitobga, hunarga, san’atga bag‘ishlardi.

Hech kim boyligini ko‘z-ko‘z qilmasdi. Chunki u yerda boylik hurmat mezoni emasdi.

Oltin hamisha kuch-qudrat, boylikning asosiy manbai bo‘lib kelgan. Uni yashirib qo‘yamiz, taqinchoq qilamiz, meros qilib qoldiramiz. Utopiyada esa oltindan mahbuslarning oyog‘iga zanjir yasalardi. Bolalar undan o‘yinchoq sifatida foydalanardi. Shu yerga kelganda sizda tabiiy savol paydo bo‘ladi. Narsaning qiymati uning o‘zidami yoki biz bergan ma’nodami?

Shu yerda mavzu chuqurlashadi, demak, "Utopiya" qandaydir davlat haqidagi kitob emas. Bu kitob insonlarning ongi, tafakkuri haqida. Tomas Mor asta-sekin o‘quvchini shunday xulosaga yetaklaydiki, adolatsiz jamiyat tasodifan paydo bo‘lib qolmaydi. Uni adolat haqida gapirishni yaxshi ko‘radigan, ammo adolatni o‘zidan boshlamaydigan odamlar yaratadi.

Kitobda ideal jamiyatni topishdan ko‘ra unda yashay oladigan insonlarni tarbiyalashga e’tibor qaratiladi.

Utopiya aholisi hech narsaga egalik qilmaydi, lekin barcha qulay narsalardan foydalanadi. Ular uchun “bu meniki” degan tushunchadan ko‘ra “bu bizniki” degan tushuncha muhimroq. Albatta, bu g‘oya bugungi dunyoda bahsli eshitilishi mumkin. Chunki xususiy mulk taraqqiyotning muhim omillaridan biri. Lekin Morning maqsadi shunchaki iqtisodiy tizim haqida tasavvur shakllantirish emasdi. U insonlarda “yetarli” degan tuyg‘uning yo‘qligini tanqid qiladi.

Aslida ham bir xonadonga yetgach, kattarog‘ini xohlaymiz. Kattarog‘i bo‘lsa, yana qulayrog‘i kerak. Telefon olsak, bir yil o‘tmay yangisi chiqadi. Kecha orzu qilgan mashinamiz bugun ko‘zimizga g‘arib ko‘rinadi. 

Shu orqali muallif boylikning o‘zi emas, boylikka bo‘lgan tashnalik, ochko‘zlik odamni baxtsiz qilyapti, demoqchi bo‘ladi.

Tomas Mor boy bo‘lish yomon demaydi. U boylik insonning yagona maqsadiga aylanib qolishidan xavotir oladi. Shu o‘rinda beixtiyor “Pul yaxshi xizmatkor, lekin juda yomon xo‘jayin”, degan mashhur iborani yodga olamiz.

Qizig‘i, Tomas Morning taqdiri ham o‘zi yozgan asariga o‘xshab ketadi. U Angliya qiroli Genrix VIII ning eng ishonchli amaldorlaridan biri bo‘lgan. Lekin bir kun kelib vijdoni bilan hokimiyat o‘rtasida tanlov qilishga to‘g‘ri keladi. U vijdonini tanlaydi. Bu qaror unga qimmatga tushadi. Mor qatl etiladi. Shunday ekan, “Utopiya”ni yozgan odam adolat haqida shunchaki chiroyli gaplar aytmagan. U o‘z qarashlari uchun jonini ham bergan.

Asarni o‘qish davomida ideal jamiyatni izlashdan to‘xtaysiz, o‘sha ideal jamiyatda yashashga munosibmanmi, degan savollar qarshisida qolasiz. Chunki har bir jamiyat millionlab odamlarning xarakterini umumlashtiradi. Halol odamlar ko‘paysa, halol davlat paydo bo‘ladi. Befarq odamlar ko‘paysa, befarq jamiyat shakllanadi. Buni hech qanday qonun o‘zgartira olmaydi. Bugun biz qanday odam bo‘lsak, shunday jamiyatga munosibmiz, degan qarorga kelasiz. 

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid