Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy - AJDARHO UYG‘ONDI | SUBYEKTIV
“Made in China” — eng sifatsiz mahsulotlardan dunyo sanoati gigantligigacha bo‘lgan yo‘l. Sharqiy Turkiston uyg‘urlari va O‘zbekistonning xitoy musulmonlari hayoti. Shanxaydagi “nikoh bozori” yoki ota-onagacha ijara xizmatlari. SUBYEKTIV bizdan atigi 126 km uzoqlikda boshlanuvchi Chin mamlakati haqida hikoya qiladi. Bu Xitoyning Avatar tog‘lariga sayohat yoki Buyuk devor tarixi haqidagi ko‘rsatuv emas. Bu safar bizga eng yaqindagi eng rivojlangan davlatni sub’yektivcha kashf qilamiz.
Xitoyni maqtash ham, qoralash ham noto‘g‘ri. Chunki u bir vaqtning o‘zida ham mo‘jiza, ham ogohlantirish. Undan o‘rganadigan jihatlarimiz, shu bilan birga chiqaradigan saboqlarimiz ko‘p. Biz dalillarni sanaymiz – xulosa esa o‘zingizdan!
“Arzon sex”dan “dunyo fabrikasi”gacha
Esingizdami, bolaligimizdagi xitoycha mahsulotlar eng kulgili, eng arzon va eng sifatsiz bo‘lardi. Chunki 80-90-yillarda Xitoy rostdan ham “arzon sex” mamlakati edi-da. U paytlar global dunyo bozorini AQSh, Yaponiya va Yevropa boshqarardi. Katta brendlar, banklar, texnologiyalar — hammasi G‘arb qo‘lida edi. Xitoyda esa arzon ishchi kuchi, intizomli va katta sonli aholi bor edi xolos. Shunday paytda dunyo kompaniyalari mahsulotlarini suv tekinga ishlab chiqarish uchun bu davlatga kira boshladi.

Xitoy ham o‘zining arzon-garov rolida to‘xtab qolmadi. U tashqaridan zavodlarni o‘z hududiga chaqirdi, keyin ulardan texnologiyani, logistikani, eksportni o‘rgandi. Portni temiryo‘lga, temiryo‘lni bozorga, bozorni butun dunyoga ulashga kirishdi va dunyo tajribasini boplab o‘zlashtirdi. Hammasi nazorat ostida edi. Davlat yo‘nalish berdi, biznes tezlik berdi, millionlab ishchilar esa bu tizimni harakatga keltirdi.
Xullas, ajdarho uyg‘ondi! 80-yillardagi “arzon sex” qisqa o‘n yilliklarda “dunyo fabrikasi”ga aylandi. Qashshoqlari eng ko‘p mamlakat juda tezlik bilan 800 mln aholini kambag‘allikdan chiqarib, hattoki dunyoning eng ko‘p milliarderlari yashaydigan davlat darajasigacha yetib keldi. Bu bilan ham to‘xtab qolish yo‘q. Rejaga ko‘ra, Xitoy 2049 yilgacha dunyoning birinchi davlati bo‘lmoqchi.

Bugun Chin mamlakati Yer yuzidagi elektr energiyaning uchdan bir qismini, har o‘nta elektromobildan yettitasini, beshta konditsionerdan to‘rttasini, o‘n o‘yinchoqdan yettitasini ishlab chiqaradi. Quyosh paneli tayyorlash zanjirining har 5 bosqichidan 4 tasi, kiyim-kechak eksportida har uch dollardan bir dollari, noutbuklar, smartfonlar, maishiy texnikalarning 80 foizi Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi. Butun dunyodagi po‘lat, alyuminiy, sementning yarmini ishlab chiqaradigan bu davlat global qurilish va texnikalar narxiga qanchalik ta’sir qila olishini tasavvur qilavering. Bunday yirik raqamlarni yana yuzlab sanash mumkin. Qiziqarli bo‘lishi uchun so‘rayman: shu o‘tirgan holatingizda Xitoyga aloqador nechta mahsulot yoningizda turibdi? Izohda yozib ketsangiz, mavzuni to‘ldirgan bo‘lasiz. Oldindan rahmat!
Xitoy qudratining yana bir siri
Agar yaxshi ta’lim bo‘lmaganda Xitoy hozir milliardlagan qashshoq ishchilar mamlakati va ularni begonalar boshqarayotgan davlat bo‘lardi. Farzand katta qilish shunchalik og‘irki, oldin bir bola ko‘rish davlatning siyosiy talabi bo‘lgan bo‘lsa, endi bu iqtisodiy talabga aylangan. Chunki bir farzand uchun 18 yoshgacha bo‘lgan xarajat umumiy hisobda 100 ming dollargacha yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Xitoy Janubiy Koreyadan keyin dunyodagi eng qimmat mamlakat. Chunki bu yerda bola faqat oila a’zosi emas, butun kelajak uchun loyiha deb ham qaraladi.
Xitoylik bolalar erta yoshdan raqobatga kirishadi. Odam ko‘p, eng kuchli va eng zo‘rlargina hayotini yaxshi tarafga o‘zgartirishi, sarflangan xarajatlarni oqlay olishi mumkin. Balki shuning uchundir, bu mamlakat yoshlarining IQ salohiyati dunyo bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda.
O‘qish bosimi hatto o‘smir qizlarning tashqi ko‘rinishigacha ta’sir qiladi. Ayrim maktablarda soch turmagigacha nazoratda. Qizlar orasida sochni tez yig‘ish, “laqqa baliq mo‘ylovi” deb ataladigan ikki yonidan tutam qoldirish kabi sodda turmaklar ommalashgan. Bu bir qarashda mayda detalga o‘xshaydi. Ammo u Xitoy ta’lim tizimida vaqt, intizom va raqobat qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatadi. Qizlar sochini chiroy uchun emas, vaqt tejash uchun yig‘adi. Chunki bu yerda har bir daqiqa — imtihon, reyting va kelajak uchun kurash.
Millionlab o‘quvchilar bir imtihon — gaokao uchun tayyorlanadi. Bu shunchaki universitetga kirish imtihoni emas, ko‘pchilik yoshlar uchun hayot-mamot masalasi ham. Bu bir kunlik sinov ortida butun oilaning umidi, yillar davomidagi mehnat, sarflangan pul va kelajak haqidagi qo‘rquv turadi. Gaokao Xitoy yoshlari hayotidagi eng katta ruhiy bosim manbalaridan biri deb qaraladi.
Xitoyning pullari tuzoq(mi?)
Endi Xitoy dunyoga faqat tovar sotmaydi. U qarzga infratuzilma ham sotyapti. Tanqidchilar tili bilan aytganda bu “qarz tuzog‘i”. Bir qarashda bunday qarzdorlik atayin qopqonga tushirishga o‘xshamaydi. Lekin Xitoy qarzni shunday beradiki, oxirgi muzokarada u kuchli tomon bo‘lib chiqadi.
Ko‘p davlatlarda sxema deyarli bir xil: Xitoy banki kredit beradi, Xitoy kompaniyasi yo‘l, port, elektr stansiya yoki temiryo‘l quradi. Texnika ham asosan u yerdan keladi. Agar loyiha yaxshi ishlasa, davlat qarzidan qutulib, infratuzilmaga ega bo‘ladi. Xitoy kompaniyalari esa daromad qiladi. Ammo muammo shundaki, har doim ham bu loyihalar o‘zini oqlamaydi.

Eng mashhur misol — Shri-Lankadagi Hambantota porti. Xitoy puliga katta port qurildi. Lekin kutilgan daromadni bermadi, qarz bosimi kuchaydi. Nihoyat 2017 yilda port 99 yilga Xitoy kompaniyasi boshqaruviga berildi. Pokistonda ham Gvadar porti Xitoy kompaniyasiga uzoq muddatga berilgan. Tojikistonda Xitoy kompaniyasi qurgan elektr stansiyasi qarzdorligi ortidan oltin konlariga erishildi. Qirg‘izistonda Bishkek IES modernizatsiyasi Xitoy krediti va pudratchisi bilan qilindi, lekin keyin loyiha katta mojaro va qarz yukiga aylandi. Zambiya va Efiopiyada ham shu ahvol.

Xitoy davlatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim qilmaydi. Lekin muhim strategik obektlariga yordam beraman deb qarzga botirib, ularning ustidan nazoratni qo‘lga oladi. U bilan aloqalarda har bir mamlakat siyosatchisi mana shu nuqtada juda hushyor bo‘lishi kerak.
“Yig‘ilgan” davlat
Hududiy jihatdan dunyoning uchinchi yirik mamlakati Xitoy aslida bir nechta davlatlar, hozirgi til bilan aytganda avtonom-ma’muriy hududlar yig‘indisi. Xitoyliklar faqat shu tilda gaplashadigan millat emas. Ularning ichida uyg‘ur va xuey musulmonlari, tibetliklar va mo‘g‘ullar kabi 56 ta millat ham bor. Birgina Shinjon, ya’ni 12 million turkiy uyg‘ur yashaydigan Sharqiy Turkistonning o‘zi O‘zbekistondan deyarli to‘rt barvar katta hududda joylashgan. Agar u mustaqil bo‘lganida yirikligi bo‘yicha dunyoning 17-davlati bo‘lardi. Shuning o‘ziyoq Shinjon Xitoy uchun oddiy avtonom rayon emas, balki Markaziy Osiyo va Yevropaga chiqadigan strategik gigant ekanini ko‘rsatadi.

Yoki Xitoydagi Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayoni O‘zbekistondan 2,5 baravarga katta. U yerda yashaydigan mo‘g‘ullar Mo‘g‘ulistondagi mo‘g‘ullardan ham ko‘proq. Mamlakatning deyarli yarmi Sharqiy Turkiston, Ichki Mo‘g‘uliston va Tibet yig‘indisiga teng.

Xitoy musulmonlari, ya’ni xueylar hayoti, Shanxay nikoh bozori, “Bir oila – bir farzand” siyosati inqirozi va Xitoydan nima bizneslar o‘zlashtirish mumkinligi haqidagi qolgan ma’lumotlarni film videosini tomosha qilish orqali bilib olasiz. Uyg‘uriston haqida esa tez orada 2-qismda ma’lumot beramiz. Chunki Sharqiy Turkiston bir ko‘rsatuvda aytib o‘tib ketiladigan kichik mavzu emas.
Muallif: Sardorbek Usmoniy
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhammadjon G‘aniyev
Mavzuga oid
08:55 / 18.07.2026
Xitoy eng uzun temiryo‘l ko‘priklari bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda
10:55 / 17.07.2026
Tramp: Xitoy 2020 yilgi AQSh saylovlariga aralashgan
09:25 / 17.07.2026
Quyosh panellari va qo‘ylar Xitoyda cho‘lni qayta tiriltirdi
22:31 / 16.07.2026