Jahon | 19:05
1523
7 daqiqa o‘qiladi

Yangi davr urushlari: nimalar o‘zgardi, maqsadlar-chi?

Urushlar borgan sari xalqaro munosabatlarning odatiy foniga aylanib boryapti. Eng asosiy mavzular ham urushlar bilan bog‘liq. Ko‘plab ekspertlar keyingi o‘n yilliklarda urushlar faqat ko‘payishi haqida gapirmoqda. Buning fundamental sabablari bor.

Dunyoda ikki qutblilik sovuq urush bilan birga tugadi. Undan keyingi bir qutblilik davri ham uzoq cho‘zilmadi. Bugun dunyoda ba’zan tezroq, ba’zan sekinroq, lekin barqaror sur’atda ko‘p qutblilik shakllanib bormoqda. Yangi qudratlar kechagi konsensusni tan olishni istamaydi. Boshqa tomondan, kechagi yagona qudrat yoki mintaqaviy qudrat markazlari ham o‘z mavqeyi va monopoliyasini saqlab qolishni, bunga qo‘shimcha global vaziyatni reviziya qilishni istaydi.

Urushlar bo‘yicha yirik mutafakkir Karl fon Klauzevits “Urushning asosiy tamoyillari” kitobida “davlatlar o‘z dushmanlarini o‘zlarining irodasiga bo‘ysundirish uchun urush ochishadi” degan edi. Uning fikricha, dengizlardagi urushlarning maqsadi – dengizda boshqalarning bayroqlari bo‘lmasligi, dunyo suvlarini monopol nazorat qilishga intilishdan iborat.

Bugungi kunga kelib, urushlarning bu fundamental maqsadi o‘zgarmadi, o‘zgarmasa ham kerak. Biroq urush texnikasi har doim o‘zgarib borgan. Zamonlar osha, texnologik va iqtisodiy rivojlanish sabab, urushlarning ham texnikasi, dinamikasi, taktikasi o‘zgarib borgan. Bugun ham shu holat kuzatilmoqda.

Keyingi yillardagi bir qancha urushlarni olsak. 2022 yil fevralida Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga bostirib kirdi va urush hali ham davom etmoqda. RF Ukrainani to‘liq o‘z nazoratiga olish niyatida edi, biroq bunga erisha olmadi. Aksincha, keyingi oylarda Ukraina tashabbusni qo‘liga olmoqda va urushni RFning ichiga ham olib kirdi.

Yoki, AQShning Eronga urushi ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Chunki 2026 yil fevralida boshlanib, Erondagi siyosiy tizimni almashtirishga qaratilgan urushda rasmiy Tehron yiqilmadi, aksincha, muzokaralardagi pozitsiyasi kuchaydi.

Yana bir misol, 2023 yil oktyabrida Isroil Hamasga qarshi katta urush boshladi, G‘azo sektorini to‘liq ishg‘ol qilishga kirishdi. Biroq Isroil o‘zi e’lon qilgan “Xamasni yo‘q qilish” maqsadiga erisha olmadi. Bugun ham Xamas mavjud, u qurollangan, va G‘azoning ma’lum xududlarida bemalol harakatlanmoqda.

Bir necha o‘n yilliklar oldin, AQSh, RF yoki Isroil kabi harbiy qudratli davlatlar o‘zlarining harbiy mashinalari orqali dushman tarafni yanchib tashlashga muvaffaq bo‘lardi. Bugun esa, vaziyat murakkab. Nega qudratli davlatlar oldingidek to‘liq harbiy ustunlikka ega emas?

Birinchi sababi, texnologik o‘zgarishlar. Nisbatan zaif davlatlar yoki kuchlar ham bugun asimmetrik urush olib borish imkoniyatiga ega. Dronlar urushi davridamiz. Dronlar arzon, ham tez ishlab chiqariladi. Dronlarga qarshi tizimlar esa, hali u qadar rivojlangani yo‘q. Misol uchun, bitta dron 500 dollar, 3 ming dollar, eng qudratlilari yarim million dollargacha tursa, bu dronlarni yo‘q qiluvchi tizimlar ushbu dronlardan bir necha o‘nlab baravar qimmat turadi. Qolaversa, samarali ham emas.

Albatta, bu faqat hozircha. Oradan yillar o‘tib, aksil-dron tizimlari rivojlanishi, ancha arzon bo‘lishi mumkin. Biroq, dronlar urushlar qiyofasini o‘zgartirgani – inkon qilib bo‘lmas holat sifatida qolaveradi.

Ikkinchi sabab, urushlarning qimmatligi, katta sarf xarajat talab qilishi, reputatsion va siyosiy xarajatlari, eng boy va qudratli davlatlarni ham o‘ylantiradi. Misol uchun, bugun RF iqtisodiy jihatdan ancha toliqdi. Isroilda ham Hamasga qarshi 2 yillik urush sababli iqtisodiy inqiroz ancha kuchaydi. Yoki, Eronga qarshi urushda AQSh kuniga 1 milliard dollardan sarfladi. Uning ustiga, AQSh o‘zining strategik qurollarini ham ishlatib, o‘z rezervlarini ancha zaiflashtirdi. Endi bu raketalar va boshqa qurollarning o‘rnini to‘ldirish uchun ko‘p yillar va katta urinishlar kerak bo‘lishi ma’lum. AQSh kabi eng harbiy rivojlangan davlatlar ham, Eron yoki boshqa davlatlar bilan urushayotganda, Xitoy Xalq Respublikasi kabi raqiblari bilan ehtimoliy urushni ham nazarda tutishga majbur. Shuning uchun AQSh Eronga qarshi katta urush strategiyasiga ega emas, bu qimmat, maqsadlarga erishish borasida kafolat yo‘q, Xitoy kabi davlatlarga qarshi turish uchun esa, rezervlar yo‘q bo‘lib qolishi – katta xatarli holat deb ko‘riladi.

Bugun urushlarning samaradorligi nisbatan toraygan bo‘lsa-da, davlatlar yoki sub’yektlar urushlardan voz kechmaydi. Chunki boshqa usullar bilan erisha olmagan maqsadlarga, faqat urushlar bilan erishish mumkin xolos. Bu maqsadlar – hududlar yoki kerakli resurslarni egallash, yoxud preventiv (nimaningdir oldini olishga qaratilgan) maqsadlardir.

Keyingi davrdagi urushlar shuni ko‘rsatadiki, agar davlatlar qisqa muddatli, zamonaviy taktikalar asosidagi urushlar olib borib, bu urushlarning surunkali tus olishiga yo‘l qo‘ymasa – o‘z maqsadlariga samarali erishgan. Biroq, agar katta maqsadlar qo‘yilsa va urush cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, bu – eng qudratli va boy davlatlarni ham jiddiy toliqtirganini kuzatish mumkin bo‘ladi.

Yangi davrda urushlar ko‘p bo‘lishi aytilmoqda. Dunyo davlatlari yangidan qurollanib boshladi. Davlatlar orasidagi o‘zaro ishonch jiddiy pasaydi. Yangi davrdagi gibrid urushlar dunyoning yangi qiyofasini belgilab boradi. Davlatlar o‘zlarining xavfsizligini ta’minlash uchun nafaqat zamonaviy fikrlovchi armiyaga, balki kuchli siyosiy institutlarga va kuchli diplomatiyaga, ishonchli ittifoqchilar yalyansiga ham ega bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid