Mavzu yuzasidan “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar fikr yuritishdi.

— AQSh-Eron urushi davom etar ekan, Fors ko‘rfazi davlatlari yakdil bir pozitsiya ishlab chiqadimi yo oxirigacha harakatsiz nishon bo‘lib qolaveradimi?

Hamza Boltayev: AQShning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng, Tehron oldindan Ko‘rfaz mintaqasidagi AQSh manfaatlari va harbiy bazalariga javob zarbalari berilishi mumkinligini bildirgan edi. Biroq yaqinda Pokistonda o‘tgan konferensiyada qatnashganimda, qatarlik bir mutaxassis bilan suhbatlashdim. Unga ko‘ra, bu bayonotlar ko‘p jihatdan asossiz bo‘lib, Eronning bir qator zarbalari fuqarolik obektlariga ham yo‘naltirilgan. Bu – voqealarga bevosita guvoh bo‘layotgan, mintaqada yashab faoliyat yuritayotgan ekspertlarning qarashi.

Eron rasmiylari ta’kidlaganidek, Tehronda AQShning asosiy hududiga zarba berish imkoniyati yo‘q. Shu sababli ular uchun asosiy maqsad – omon qolish va qarshilik ko‘rsatish. Bu esa tabiiy ravishda mintaqadagi AQSh harbiy bazalari va manfaatlariga nisbatan choralar ko‘rishni anglatadi.

Bu vaziyat Ko‘rfaz mamlakatlarini qanchalik birlashtiryapti? Amalda Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida yakdillik mavjud emas. Masalan, Qatar va Ummon Eron bilan muzokaralar olib borish va muammolarni individual tarzda hal etish tarafdori. Birlashgan Arab Amirliklari esa AQSh va Isroil bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, mamlakat ichidagi ayrim ekspertlar bunday siyosat davom etsa, BAA asta-sekin AQSh va Isroil uchun harbiy infratuzilmaga – xususan, aerodrom vazifasini bajaruvchi hududga aylanib qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Saudiya Arabistoni esa nisbatan mustaqil kuch markaziga aylanishga intilmoqda. Mintaqa davlatlarining strategik qarashlari va manfaatlari turlicha bo‘lgani sababli, yagona pozitsiyaga kelish imkoniyati hozircha cheklangan.

Shu bilan birga, AQShning so‘nggi harbiy zarbalari tahlil qilinsa, ular Eronning sohilbo‘yi hududlari bilan ichki hududlarini bog‘laydigan logistika tizimini izdan chiqarishga qaratilgani ko‘rinadi. Ayrim ekspertlar bu harakatlarni kuz fasliga borib ehtimoliy quruqlikdagi operatsiyalarga tayyorgarlik sifatida baholamoqda. Bunday ssenariyda Ko‘rfaz mamlakatlari qanday yo‘l tutadi – bu hali ochiq savol. Hozircha esa ayrim davlatlar voqealarning aynan shu yo‘sinda rivojlanishidan ma’lum darajada manfaatdor ko‘rinadi.

Kamoliddin Rabbimov: Ko‘rfazdagi arab davlatlarining pozitsiyasi bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Bugungi kunda AQSh va Isroilga yaqinlik nuqtayi nazaridan Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi o‘rinda turibdi. Saudiya Arabistoni esa imkon qadar neytral siyosat yuritib, mustaqil geosiyosiy o‘yinchiga aylanishga intilmoqda. Qatar ham shunga o‘xshash yondashuvni tanlab, AQShdan ma’lum masofani saqlash va zarurat tug‘ilganda Eron hamda Turkiya bilan muvozanatli munosabatlarni davom ettirishga harakat qilmoqda.

Bahrayn Eron omilidan jiddiy xavotirda. Aholisining katta qismi shialardan iborat bo‘lgani sababli, rasmiy Manama Eronning mintaqadagi ta’siri kuchayishini istamaydi va mojaroning keskinlashishidan qochishga urinadi. Eron tomonidan ham bir necha bor shunday bayonotlar yangraganki, agar urush keyingi bosqichga o‘tsa, mintaqadagi ayrim davlatlarga harbiy choralar ko‘rilishi mumkin. Menimcha, gap birinchi navbatda Bahrayn haqida ketyapti. Bunga sabab – mamlakat hududida AQShning Beshinchi floti shtabi joylashgan.

Eron harbiy doiralari mintaqadagi AQSh bazalariga zarba berish zarurligini bir necha bor ta’kidlab kelmoqda. Eron o‘zini strategik jihatdan mutlaqo ojiz deb hisoblamaydi. Aksincha, Tehron AQSh tomonidan keng ko‘lamli urush ssenariysi mavjud emas, degan xulosaga kelgan va shu bois nisbatan faolroq qarshilik siyosatini olib bormoqda. O‘ziga bo‘lgan ishonchi oshgan Eron AQSh bilan qarama-qarshilikni ochiqroq shaklda davom ettirmoqda.

Biroq Eron uchun eng katta xavf – AQShning keng ko‘lamli urush boshlamasdan turib, uzoq muddat davomida mamlakat infratuzilmasini izdan chiqarishga qaratilgan zarbalar berishidir. Bunday bosim Eron iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi va mamlakatni sezilarli darajada zaiflashtirishi mumkin.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.