18 iyul kuni O‘zbekistonda yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 294,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori natijadan 21,8 mln kVt·soatga yoki 8 foizga, shuningdek, 17 iyuldagi iste’mol hajmidan 1 mln kVt·soatga yoki 0,34 foizga yuqori bo‘ldi.

18 iyul kuni yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki eng yuqori soatlarda 13,7 GVtga yetgan.

Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 297,1 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatildi.

19 iyul kuni yagona energetika tizimining yuklamasi 13,4 GVtga yetdi. Ta’kidlanishicha, bu anomal issiq sharoitida dam olish kunlarida ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.