Yaponiya atrof-muhitni himoya qilish vazirligi huzurida shaharda paydo bo‘ladigan ayiqlarga qarshi kurashuvchi maxsus bo‘lim tuzildi. Bo‘lim xodimlari ayiqlar tez-tez ko‘rinish beradigan shaharlarning boshqaruv organlari bilan hamkorlik qiladi, deb xabar berdi Kyodo agentligi.

Agentlik xabariga ko‘ra, bo‘lim xodimlari politsiya bilan hamkorlikda amaldorlarga va aholiga shaharda ayiqlar paydo bo‘lgan vaqtda o‘zini qanday tutishni o‘rgatadi.

Keyingi vaqtda Yaponiya shimoli sharqida, jumladan, Tokio hududida ayiqlar tez-tez ko‘rinish bermoqda. Tokio politsiyasida ayiqlarga qarshi kurashuvchi maxsus qurolli bo‘linma ham tuzilgan.

Aprel oyida Tokio yaqinidagi Xatiodzi shahrida ayiq bemalol yurgan bo‘lsa, iyun oyi boshida Utsunomiya shahrida ayiq sababli maktablar bir necha kunga yopilgandi. 

Yaponiyada 2025 yil martidan joriy yil martiga qadar 13 kishi ayiqlar hujumi oqibatida halok bo‘lgan, 238 kishi jarohatlangan.