DW xabariga koʻra, AQSH Oliy sudi 1-oktabrga oʻtar kechasi prokuraturaning shoshilinch iltimosnomasini qanoatlantirib, hukmni ijro etishga yoʻl ochgan.
Paykni oʻlimga olib keluvchi inyeksiya orqali qatl etish 30-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 ga belgilangan edi. Biroq AQSH federal apellyatsiya sudi barcha dalillarni koʻrib chiqish uchun hukm ijrosini qisqa muddatga toʻxtatgan.
Oliy sud ushbu qarorni bekor qilganidan keyin Paykning advokatlaridan biri AFP agentligiga qatl «yaqin vaqt ichida» amalga oshirilishini bildirgan.
1995-yilda 18 yoshli Krista Payk va uning sherigi Tadaril Shipp Payk bilan birga oʻqigan 19 yoshli Kollin Slemmerni oʻldirgan. Bir yil oʻtib, Payk qasddan odam oʻldirishda aybdor deb topilib, oʻlim jazosiga hukm qilingan.
Jinoyat sodir etilgan paytda 17 yoshda boʻlgan Shipp esa muddatidan ilgari shartli ozodlikka chiqish imkoniyati bilan umrbod qamoq jazosini olgan.
Nashrga koʻra, Payk AQShning zamonaviy tarixida oʻlim jazosiga hukm qilingan eng yosh ayol boʻlgan.
Uning advokatlari jinoyat sodir etilgan vaqtdagi yoshi va ruhiy holatini inobatga olib, afv etishni soʻragan. Himoya tomonining aytishicha, Payk yillar davomida onasining turmush oʻrtoqlari tomonidan jinsiy zoʻravonlikka uchragan, ruhiy muammolar va bipolyar buzilishdan aziyat chekkan.
Advokatlar Paykni qatl qilish uchun tibbiy kushetkaga bogʻlash sharoitlari Konstitutsiyadagi «shafqatsiz va gʻayrioddiy jazo» taqiqiga zid ekanini ham taʼkidlagan.
Amnesty International va Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi - ACLU kabi huquq himoyasi tashkilotlari Tennessi gubernatori Bill Lini oʻlim hukmini boshqa jazoga almashtirishga chaqirgan. Biroq gubernator 28-sentabr kuni afv soʻrovini rad etgan.
Maqolada keltirilgan Oʻlim jazosi boʻyicha axborot markazi maʼlumotlariga koʻra, AQShda 1976-yildan buyon 18 nafar ayol va 1 663 nafar erkak qatl etilgan. Ayolga nisbatan oxirgi qatl 2023-yil boshida amalga oshirilgan.
















