«Va'dalar bajarilmasligiga o‘rganib ketganmiz...» - Baliqchidagi mahalla o‘nlab yillardan beri qanday yashamoqda?
Tasavvur qiling, butun boshli mahallada toza ichimlik suvi yo‘q, elektr energiyasi uchun aholining o‘zi qo‘lbola simyog‘ochlar orqali sim tortib olgan. Oxiriga yetkazilmay qolgan yo‘llar juda xarob. Tabiiy gaz-ku, eski dard... Bular Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi «Nasriddinobod» mahallasidagilarning bugungi muammolari.
Kun.uz tahririyatiga «Nasriddinobod» mahallasining Nasriddinobod va Bog‘ituron ko‘chasida yashovchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi.
Mahalla guzari oldida yig‘ilgan nasriddinobodliklar muammolarni birma-bir ayta boshlashdi.
«Bu yerga 1992 yilda ko‘chib chiqqanmiz. 2016 yilda elektr tarmoqlari asosiy ko‘chaga yuqori kuchlanishli liniya tortdi. Ko‘chamiz uchun 6 dona eski simyog‘och so‘ragan edik, berishmadi. O‘shandan beri o‘zimiz qo‘lbola simyog‘ochlar yasab, o‘rnatib foydalanib kelyapmiz.
Har oyda MIB xodimlari iste'mol qilingan elektr uchun pulni yig‘ishga kelishadi. 50 ming so‘m qarz bo‘lsak, uzib ketishni bilishadi, lekin muammoni hal qilishga kelganida birovning ishi yo‘q. Bir necha bor tuman hokimligi, viloyat va tuman elektr tarmoqlari korxonalariga murojaat qildik. Har safar o‘sha gap: «Dasturga kiritish taklifi berildi yoki dasturga kiritilyapti. Rejalashtiryapmiz», deyishadi. Harakatlarimiz 10 yildan beri hech natija bermayapti», deydi Nasriddinobod ko‘chasida yashovchi Arifjon Jumanov.
Asli haydovchi bo‘lgan, lekin qo‘lidan kelgani uchun montyorlik ham qilib, mahalla ahli koriga yarab kelayotgan Muhammadali Qodirov simyog‘ochlarning holatidan shikoyat qildi.
«Kasbim haydovchilik. Lekin, elektr bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarga yoshligimdan qiziqaman. Mahalladoshlarim kechasimi, kunduzimi, elektr bo‘yicha qanaqa yumushni iltimos qilsa, qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Barcha asbob-anjomlarim, «stolba»ga chiqishda oyoqqa taqiladigan «tirnoq»larim ham bor. Kimnikidadir tok o‘chib qoladi, kimnikidadir sim uzilib ketadi. Kimningdir uyida keksalar, kasali yoki chaqalog‘i bor. Borib to‘g‘rilab, yoqib berishga harakat qilaman. Kuchli shamolda sim uzilib ketadi. Qo‘lbola simyog‘ochlarga «tirnoq» bilan chiqish qiyin, shu bois narvonda chiqib bo‘lsa ham ulab beraman.
Nasriddinobod va Bog‘ituron ko‘chalaridan yosh bolalar maktabga qatnaydi. Yo‘l bo‘yidagi qo‘lbola simyog‘ochlar shamol turgan paytda ag‘anashi mumkin, avariya holatida», deydi «montyor» Muhammadali Qodirov.
Qambarali tog‘a Nishonov va Ma'rifatxon Yo‘ldosheva ichimlik suvi muammosini bayon qilishdi.
«Bu eski suv inshootini 2005 yilda o‘zimiz ta'mirlatganmiz. Ikki yil atrofida toza ichimlik suvi chiqib turdi. Keyin yana tarmoq ishdan chiqdi. Sababi, dvigateli ishdan chiqaverar ekan. Tarmoqdagi quvurlar esa yaroqsiz holatga kelgan», deydi u.
«10 yildan beri uyimizda 38-40 metr chuqurlikdagi yer qa'ridan suv tortadigan «kachalka» (qo‘lbola zax suvni tortish qurilmasi) orqali zax suv tortib chiqarib foydalanib kelamiz. Ovqat pishirish, choy qaynatish, yuvinishga ham shu suv ishlatiladi.
Bu suv iste'mol uchun yaroqsiz, lekin nima qilaylik, boshqa iloji yo‘q. Foydalanyapmiz. Qishloqning o‘z sharoiti bor. Aslida, «kachalka»ni kir yuvish, mol-qo‘yni sug‘orish uchun qilgan edik», deydi Ma'rifatxon Yo‘ldosheva.
Jaloliddin tog‘a Akbarov mustaqillik yillarida mahalla uchun biror manfaatli ish qilinmaganidan shikoyat bildiradi.
«Mahallamizdagi mavjud muammolar bo‘yicha murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Barcha mutasaddilar arzimizni eshitib, o‘rganib ketaverishadi. Hamma gap shundaki, biz markazdan 35-40 kilometr uzoqda yashayotganimiz uchun e'tibordan chetda qolyapmiz. To‘g‘risi, mustaqillik yillarida mahallamiz uchun birorta manfaatli ish qilinmadi», deydi u.
Nasriddinobod va Bog‘ituron ko‘chalarida 150dan ortiq xonadon bor ekan. Mahallaning ichki yo‘llari ayanchli ahvolda. Tabiiy gaz tormog‘i tortilgan bo‘lsa-da, gaz yo‘q. Aholi qiynalib yashamoqda. Mahallada hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar yig‘ilib qolgan.
Ota-onalar mahalladagi 27-umumta'lim maktabi binosi oldida trotuar yo‘qligini aytishdi.
Albatta, o‘quvchilarning xavfsizligini ta'minlash va turli noxushliklarning oldini olish uchun trotuar bo‘lishi kerak.
Baliqchi tuman hokimligida
Tuman hokimiyati binosiga borib, hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sarvarbek Mitillayev bilan uchrashdik. U «Nasriddinobod» MFYdagi muammolar bo‘yicha izoh berdi.
«Mahalladagi muammolardan xabarimiz bor. Fuqarolarning elektr bo‘yicha o‘zlari foydalanayotgan qo‘lbola simyog‘ochlarini xatlovdan o‘tkazib, dasturga kiritganmiz. Ichimlik suvi bo‘yicha esa bu yil tumanda 231 kilometrga quvur tortish uchun qaror ishlab chiqilgan. Qarorda «Nasriddinobod» MFYga 11 kilometr quvur tortish hamda mavjud 2ta quduqni rekonstruksiya qilish ko‘rsatib o‘tilgan. 2020 yil dasturiga taklif kiritilgan. Bu dasturdan eng og‘ir hudud tanlab olinib, mavjud muammolarni bartaraf etishga harakat qilinadi», deydi hokim o‘rinbosari.
Mutasaddining izohi avvalroq mahalla ahliga berilgan izohlardan farq qilmaydi, nasriddinobodliklar «Yana o‘sha eski gaplar-ku?», deyishlari tayin. Ularning qo‘lida «mahalla joriy yilda dasturga tushishi» haqidagi va'dalarga to‘la ko‘plab javob xatlari yig‘ilib ketgan. Endi ular bunday «navbatchi va'dalar»ga ishonmay qo‘yishgan.
Lekin agar bu safargi va'da ham o‘sha «eski va'da»lardan bo‘lmasa, shu yil nasriddinobodliklarning ko‘ksiga shamol tegsa kerak...
Qani ko‘ramiz...
Sarvarbek Nazarov, KUN.UZ muxbiri
Mavzuga oid
10:40 / 27.10.2024
Andijon viloyati Baliqchi tumanida bir oilaning 70 a’zosi birga saylovga keldi
17:56 / 22.08.2024
Baliqchi tumani hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
18:57 / 25.08.2023
Baliqchi tumanidagi bozorda yong‘in chiqdi (video)
12:45 / 30.04.2023