O‘zbekistonda darsliklar yaratish jarayonida Finlandiya tajribasi joriy qilinadi
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta'limi vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan iborat delegatsiya Finlandiyaning ta'lim sohasidagi tajribasini o‘rganmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi “Otava” nashriyot uyi xalqaro savdo bo‘limi rahbari Mari Kiykinen bilan uchrashib darsliklarni chop etish jarayonini muhokama qilishdi. Bu haqda Ta'lim inspeksiyasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Mari Kiykinen Otava nashriyotiga 1890 yilda asos solingan bo‘lib, bugungi kunda badiiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, o‘smirlar va bolalar uchun kitoblar hamda darsliklar, multimediaviy va o‘quv materiallarini chop etish bilan shug‘ullanishini aytdi. Bugungi kunda nashriyot tomonidan chop etiladigan kitoblar 600 nomdan oshgan.
“Darsliklarni yaratishda o‘rtacha 600 ga yaqin mutaxassis ishtirok etadi. Ushbu tarkibning asosiy qismini o‘qituvchilar hamda universitetlar va boshqa ta'lim muassasalari vakillari tashkil etadi. Chet tillarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv materiallarini yaratish uchun esa ushbu tilda ona tili sifatida gaplashuvchi millat vakillari ham ishtirok etadi,” dedi Otava nashriyoti vakili.
Finlandiya tajribasiga ko‘ra, darsliklarni tayyorlashda imkon qadar kengroq yo‘nalishdagi mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi va o‘quv dasturlari muayyan ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mavzulardan iborat bo‘ladi.
Barcha fanlar uchun umumiy yana bir jihat – ular o‘quvchilarda XXI asr uchun zarur ko‘nikmalarni ham shakllantirishi zarur. Nashriyot materiallari orqali o‘qituvchi oldiga ham aniq maqsad qo‘yiladi. Bunda o‘qituvchiga ham dars jarayonlarini rejalashtirishda ko‘mak beriladi.
Shuningdek, Finlandiyada o‘quv jarayonlari vaqtida o‘quvchilar vazifalarni darsliklarda ko‘rsatilgan yo‘riqnomalar asosida emas, balki o‘zlari uchun qulay usul yordamida bajarishlari mumkin. Bunda eng muhimi, o‘quvchining qoidalarga bo‘ysunishi emas, ma'lum vazifani bajarishda o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lishiga e'tibor qaratiladi.
Ta'lim inspeksiya axborotiga ko‘ra, inspeksiya tomonidan o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha Finlandiya tajribasini o‘rganish ishlari bir yil ilgari boshlangan. Natijada 22ta fan bo‘yicha uzluksiz ta'lim tizimi uchun milliy o‘quv dasturlari ishlab chiqishda ushbu mamlakat tajribasidan ham foydalanilgan.
Mavzuga oid
13:56
Estlink 2 kabelining uzilishi: Fin ko‘rfazida langar topildi
12:11 / 03.01.2025
Fingrid fin operatori Eagle S neft tankerini musodara qilishni so‘radi
15:44 / 31.12.2024
Traficom fin agentligi Eagle S tankerini tekshirmoqchi
20:30 / 28.12.2024