O‘zbekiston | 20:17 / 01.02.2020
83160
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Islom Karimov hayotidan ba'zi noyob kadrlar

30 yanvar kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti, mamlakatni 25 yil boshqargan Islom Karimov tavalludiga 82 yil to‘ldi.

Biz Karimov fondi taqdim etgan ba'zi videolavhalar asnosida birinchi prezidentning hayot yo‘liga qisqacha qayta nazar tashlab o‘tishga qaror qildik.

Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo Politexnika va Toshkent Xalq xo‘jaligi institutlarini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1960 yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. 1961-1966 yillarda V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi.

Turli yillarda O‘zbekiston SSR Moliya ministri, Ministlar soveti raisi o‘rinbosari, Davlat plan komiteti raisi, Qashqadaryo viloyat kompartiyasi birinchi kotibi lavozimlarida ishlagan. 1989 yil iyun oyida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibi etib tayinlandi.

Sovet ittifoqi davlatlari ichida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda prezidentlik lavozimi joriy etildi. 1990 yil 24 martda Oliy Kengash sessiyasida Karimov O‘zbekiston SSR prezidenti etib saylandi.

1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston suvereniteti to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi. 1991 yil 31 avgust kuni Islom Karimov tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qildi. 1991 yil 29 dekabrdagi saylovda Islom Abdug‘aniyevich mustaqil O‘zbekistonning ilk prezidenti etib saylandi.

Karimov O‘zbekistonni 25 yil davomida boshqardi. Shu davr mobaynida 4 marta (1991, 2000, 2007, 2015) davlat rahbari etib saylandi. 2 marotaba (1995, 2002) umumxalq referendumi orqali prezidentlik vakolati muddati uzaytirildi.

Islom Abdug‘aniyevich 2016 yil 2 sentyabr sanasida, 78 yoshida insult oqibatida vafot etdi.

Hozirda birinchi davlat rahbarining rafiqasi Tatyana Karimova va qizi Lola Karimova-Tillayeva uning xotirasini abadiylashtirish bilan shug‘ullanmoqda.

Shu maqsadda Karimov fondi tashkil etilgan bo‘lib, fond yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston tarixiy merosini saqlab qolish bilan shug‘ullanadi.

Islom Karimov hayoti davomida istiqomat qilgan Oqsaroy binosi hozirda memorial majmuaga aylantirilgan.

Mavzuga oid