O‘zbekiston | 20:03 / 26.08.2024
9017
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, qurilish ishlari bilan tanishdi

Majmuada Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. Yangilanayotgan maskanda qurilish-muhandislik ishlari bitkazilgan, davlat rahbari pardozlash jarayonlari bilan tanishdi. Shundan keyin Islom Karimov maqbarasi ziyorat qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 avgust kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Tashrif avvalida Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

“Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida turibmiz. Ilohim, mustaqilligimiz bardavom bo‘lsin, yurtimizga ko‘z tegmasin. Xalqimizni rozi qilish bo‘yicha ishlarimizga Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Bu majmuani qurishdan maqsadimiz ham Imom Buxoriy bobomizning qadrini yanada ko‘tarish, jahonga baralla aytishga asos yaratish. Bunday xayrli ishlarimiz ko‘p bo‘lsin”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Maqbara maydoni 600 kvadrat metr, balandligi 28 metr qilib kengaytirilgan. 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid bunyod etilgan. Majmuaning 4 burchagida 75 metrlik minoralar qad rostlagan.

Bugungi kunda qurilish va muhandislik ishlari bitkazilib, pardozlash bosqichi boshlangan. Bunda milliy an’analar va issiq ranglarga alohida e’tibor berilgan.

Davlat rahbari ushbu qurilish va pardozlash ishlari bilan tanishdi. Endi majmuada zamonaviy, xavfsiz boshqaruvni joriy etish zarurligini ta’kidladi.

“Bu majmua buyuk ma’naviy ustun bo‘lishi kerak”, – dedi prezident.

Mutasaddilarga barcha tuman va shaharlardagi tabarruk ziyoratgohlarni tiklash, ularning tarixi va mazmunini to‘g‘ri talqin qilib yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Majmuada, shuningdek, muzey, naqshinkor ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak muzeyni ham ko‘zdan kechirdi.

Prezident Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.

Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.

Davlat rahbari bugun “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Mavzuga oid